“JCH-2026”: Osiyo qit’asida qaysi terma jamoalar mundialga yaqin?

Futbol bo‘yicha Osiyo qit’asida Jahon chempionati 3-saralash bosqichining uchta guruhida 8-tur uchrashuvlari bo‘lib o‘tdi.
“A” guruhidan o‘rin olgan Eron va O‘zbekiston terma jamoalari bahsi 2:2 hisobida yakunlandi. Shuningdek, bu guruhda Qirg‘iziston o‘z maydonida Qatarni 3:1 hisobida yenggan bo‘lsa, KXDR va BAA terma jamoalari bahsi 1:2 hisobida o‘z yakuniga yetdi.
Qayd etilgan natijalardan so‘ng, “A” guruhida Eron 20 ochko jamg‘arib, birinchi o‘rinda qoldi va ushbu terma jamoa muddatidan avval jahon chempionatiga yo‘l oldi. O‘zbekiston termasi esa 17 ochko jamg‘arib, ikkinchi pog‘onadagi o‘rnini yanada mustahkamladi. BAA safardagi g‘alaba evaziga 13 ochko bilan uchinchi o‘ringa joylashdi. Qatar termasi 10 ochko bilan, Qirg‘iziston esa 6 ochko bilan 4-5-o‘rinlardan siljimadi. KXDR hamon 2 ochko bilan so‘nggi pog‘onada bormoqda.

Darvoqe, “We Global Football” nashri “JCH-2026” saralash bahslarining 8-turidan so‘ng yangilangan reytingni e’lon qildi. Unga ko‘ra, O‘zbekiston terma jamoasining 3-saralashda yo‘llanmani qo‘lga kiritishi 96 foiz deb ko‘rsatildi. O‘tgan turda bu raqam 92 foizni tashkil qilgan edi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 9-turda BAA bilan safarda o‘yin o‘tkazadi. 5 iyun kuni o‘tishi rejalashtirilgan o‘yinda har qanday hisobdagi g‘alaba yoki durang futbolchilarimizni Jahon chempionatiga olib chiqadi. Agar kutilmaganda mag‘lub bo‘lsak, guruhdagi so‘nggi uchrashuvda, aniqrog‘i 10 iyun kuni Qatarga qarshi Toshkentda o‘tadigan o‘yinda katta hisobda g‘alaba qozonishimiz kerak bo‘ladi. BAA esa o‘sha kuni safarda Qirg‘iziston bilan raqobatlashadi.

Umid qilamizki, hammasi BAA termasiga qarshi o‘tadigan o‘yinda ijobiy hal etiladi va futbolimiz tarixida yana bir quvonchli natija zarhal harflar bilan yoziladi.
“B” guruhidan o‘rin olgan Janubiy Koreya – Iordaniya uchrashuvi 1:1 hisobidagi durang bilan yakunlandi. E’tiborli jihati shundaki, so‘nggi o‘tgan 3 ta tur mobaynida koreyalik futbolchilar 1:1 hisobidagi natijani qayd etmoqda. Agar ular ushbu bellashuvlarda zafar quchganlarida mazkur turga kelib, Jahon chempionati ishtirokchisiga aylangan bo‘lar edi. Biroq futbolda kutilmagan vaziyatlar ko‘p bo‘ladi va shu sababli ham bu sport turi dunyo muxlislarining eng sevimli sporti.

Darvoqe, ushbu turda Falastin 2:1 hisobida Iroqni taslim qildi. Kuvayt esa o‘z maydonida O‘monga 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi.
Mazkur natijalardan so‘ng, Janubiy Koreya 16 ochko jamg‘arib, guruhda hamon yetakchilik qilayotir. Iordaniya 13 ochko bilan ikkinchi, Iroq esa 12 ochko to‘plagan holda kuchli uchlikni yakunlab bermoqda. O‘mon termasi 10 ochkoga ega bo‘lgan holda hamon Jahon chempionatiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri chiqish imkoniyatini saqlab qolgan bo‘lsa, Falastin 6 ochko bilan pley-off yo‘llanmasi uchun kurashmoqda. O‘tgan 8 turda bor-yo‘g‘i 5 ochkoga ega bo‘lgan Kuvayt autsayder bo‘lib turibdi.

Saralashning “S” guruhida o‘tgan turdayoq mundial yo‘llanmasini naqd qilgan Yaponiya terma jamoasi Saudiya Arabistoni bilan nursiz durangga imzo chekdi. Xitoy 0:2 hisobida Avstraliyaga taslim bo‘ldi. Indoneziya 1:0 hisobida Bahrayn ustidan zafar quchdi.
Ushbu guruhda 9-tur oldidan Yaponiya yigirma ochkoni qo‘lga kiritdi va saralash bahslari yakuniga qadar birinchi o‘rnini mustahkamlab oldi. 13 ochko bilan ikkinchi o‘rinda borayotgan Avstraliya termasini Saudiya Arabistoni 10 ochko bilan ta’qib qilmoqda. Ular ortidan Indoneziya 9 ochko bilan odimlayotgan bo‘lsa, Bahrayn va Xitoy 6 ochko bilan 5-6 o‘rinlardan joy olgan.
Eslatib o‘tamiz, saralash bahslarining 9-tur uchrashuvlari 5 iyun kuni bo‘lib o‘tadi. Unda BAA – O‘zbekiston, Qatar – Eron, KXDR – Qirg‘iziston, Kuvayt – Falastin, O‘mon – Iordaniya, Iroq – Janubiy Koreya, Avstraliya – Yaponiya, Bahrayn – Saudiya Arabistoni, Indoneziya – Xitoy terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Darvoqe, 2026 yilgi Jahon chempionati AQSH, Meksika va Kanada yashil maydonlarida bo‘lib o‘tadi. Ushbu mundialda ishtirok etadigan yettita jamoa nomi aniqlandi. Jumladan, AQSH, Kanada, Meksika mezbon sifatida ishtirok etishi barchaga ma’lum bo‘lgan. Saralash bahslaridan esa Yaponiya, Yangi Zelandiya, Eron va Argentina dunyo birinchiligiga muddatidan avval yo‘l oldi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA