“Mercedes-Benz” zavodlarida “Apollo” robotlari ish boshladi

Germaniyaning “Mercedes-Benz” kompaniyasi ishlab chiqarish quvvatlarini avtomatlashtirish va raqamli texnologiyalar yo‘lida muhim qadam tashladi. Gap shundaki, “Mercedes-Benz” zavodlarida “Apptronik” kompaniyasining “Apollo” odamsimon robotlari ish boshladi. Ular logistika, qismlarni yig‘ish va hatto ularni sifatini tekshirishda yordam berishadi.
Ilmiy xodimlar robotlar avtonom ishlay olishlari uchun vazifalarni telemetriya va AR orqali o‘rgatishmoqda. Robot taxminan to‘rt soat ishlash imkonini beruvchi batareyaga ega. Agar robotlarning quvvati tugasa, u o‘zini energetik quvvatlash uchun maxsus ajratilgan joyga boradi.

Ushbu yangilik avtomobilsozlik sanoatidagi ish jarayonlarini barqaror ravishda o‘zgartirishi mumkin va ishlab chiqarish jarayonlarini raqamlashtirishda muhim bosqich hisoblanadi.
“Apollo” roboti ta’sirchan texnik xususiyatlari bilan ajralib turadi. “Temir odam”ning bo‘yi 1,73 metr va og‘irligi 72 kilogramm bo‘lib, u o‘rtacha odamning o‘lchamlariga to‘g‘ri keladi.

– Biz ishchi kuchi tanqis bo‘lgan bo‘limlarimizda ushbu texnik robotlardan foydalanishimiz kerak, -dedi “Mercedes-Benz”ning boshqaruv kengashi a’zosi Jorj Burzer. – Albatta, ularni birinchi navbatda takrorlanadigan vazifalar uchun qo‘llash kerak, bo‘lmasa holat xavfli tus olishi mumkin.
Robotlarning ish boshlashi kompaniyada xodimlarni ommaviy ishdan bo‘shatish davriga to‘g‘ri keldi. “BMW” va “Tesla” kabi yirik korporatsiyalar ham o‘z zavodlarida xodimlarni robotlarga almashtirishmoqda. Shuningdek, yaqinda Xitoyda odamsimon robotlar sotuvga chiqarilishi ma’lum bo‘ldi. “Dobot atom” deb ataluvchi mazkur robot nonushta tayyorlash, turli hajmdagi yuklarni tashish kabi murakkab vazifalarni uddalashga qodir.

O‘.Alimov, O‘zA