MIB xabarlari – qisqa satrlarda

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chimboy tumanlararo sudiga da’vo ariza bilan murojaat qilib, “Kegeyli MTP” mas’uliyati cheklangan jamiyatda o‘z xizmat vazifasini bajarayotgan paytida og‘ir jarohat olish oqibatida nogiron bo‘lib qolgan Kegeyli tumanida yashovchi G.J.ga har oyda to‘lanishi lozim bo‘lgan kompensatsiya pullarini to‘lab berishni so‘ragan.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Chimboy tumanlararo sudi tomonidan ushbu da’vo ariza qanoatlantirilib, jabrlanuvchi R.D.ning foydasiga javobgar “Kegeyli MTP” mas’uliyati cheklangan jamiyatdan 14 million 205 ming so‘m undirish, shuningdek, har oyda zarar pullarini undirib borish majburiyatini yuklash haqida qaror qabul qilindi. Ushbu qaror bo‘yicha bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan qarzdor jamiyatning asosiy bank hisob raqamlari, shuningdek, qarzdorga tegishli bo‘lgan jami mulklarga band solindi. Shuning natijasida, baxtsiz hodisa sababli jarohat olgan fuqaroga 14 million so‘mdan kompensatsiya puli joriy yilning 19 mart kuni to‘lab berildi va javobgarga har oyda zarar pullarini to‘lab borish majburiyati yuklatildi.
***
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Amudaryo tuman sudining 2025 yil 14 fevraldagi ijro hujjatiga asosan voyaga yetmagan bir nafar farzand javobgar S.I.dan da’vogar bolaning onasi O.F.ning tarbiyasiga olib berish belgilandi.
Ushbu ijro hujjati asosida Majburiy ijro byurosi Amudaryo tuman bo‘limi xodimlari tomonidan ijro harakatlariga kirishildi. Xususan, ijro hujjati ijrosini ta’minlash maqsadida bo‘lim davlat ijrochisi, Ichki ishlar bo‘limi profilaktik inspektori bilan javobgarning yashash manziliga bordi va javobgarga sud qarori talabini bajarish lozimligi, uni bajarmaslik oqibati haqida batafsil tushuntirish berildi.
Bo‘lim davlat ijrochisiga ko‘rsatilgan qarshiliklarga qaramasdan, ancha vaqt davom etgan bahslardan so‘ng javobgar S.I. bolani onasi bag‘riga qaytarib, sud qarori ijrosi amalda ta’minlandi.

***
Majburiy ijro byurosi Qo‘ng‘irot tuman bo‘limi ish yurituvida bo‘lgan sud qaroriga asosan qarzdor X.X.dan farzandlari ta’minoti uchun aliment pullarini to‘lamasdan kelgan.
Shuning natijasida, uning aliment to‘lovlaridan qarzdorligi 33 million so‘mdan oshib ketgan bo‘lib, uning yashash manzili haqida aniq ma’lumot bo‘lmaganligi sababli unga nisbatan bo‘lim davlat ijrochisi tomonidan 2024 yili 15 avgustda qidiruv e’lon qilingan.
Byuroning Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi qidiruv sho‘’basi xodimlari tomonidan yig‘ilgan ma’lumotlarga ko‘ra qarzdor X.X. Toshkent shahrida yurganligi aniqlandi. Byuroning Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirida yetti oydan buyon qidiruvda bo‘lgan qarzdor Toshkent shahridagi qurilishlarning birida topildi va unga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, to‘plangan hujjatlar sudga yuborildi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘ng‘irot tuman sudi tomonidan onlayn tarzda o‘tkazilgan sud majlisida qarzdorga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri