Vazir: kuzatuvlar, tavsiyalar va natijalar tahlili

198

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vaziri Ye.Qutiboyev Nukus shahridagi sport inshootlarida olib borilayotgan qurilish ishlari hamda sport maktablarining faoliyati bilan tanishdi.

Xususan, “Taxiatosh guzari” mahalla fuqarolar yig‘inida qurilish ishlari olib borilayotgan Kurash mahorat maktabida hamda “Temir yo‘l” mahalla fuqarolar yig‘inida yangidan qurilayotgan Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazida bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023yil 25dekabrdagi “2024 – 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan tasdiqlangan reja asosida Kurash mahorat maktabida qurilish ishlari olib borilmoqda. Bu yerda 150 o‘rinli yotoqxona, 24×42 metr o‘lchamdagi sport zal, stadion, oshxona quriladi.

Davlatimiz rahbarining 2022 yil 23 dekabrdagi “Gimnastika sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori aholi o‘rtasida gimnastika sport turlari ommaviyligini oshirish, yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish tizimini takomillashtirish, xalqaro talab va standartlar asosida professional sportchilarni tayyorlash orqali milliy terma jamoalarimizning nufuzli musobaqalarda yuqori natijalarga erishishini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Mazkur qaror asosida Nukus, Samarqand va Farg‘ona shaharlarida zamonaviy moddiy-texnik va o‘quv-mashq bazasiga ega bo‘lgan hududiy Gimnastika sport turlariga tayyorlash markazlarini tashkil etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sport vaziri Ye.Qutiboyev bu yerdagi olib borilayotgan qurilish ishlari bilan tanishdi va soha vakillariga yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha topshiriq berdi.

Shuningdek, vazir Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabi hamda Nukus olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida bo‘ldi. U yerda murabbiy va sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishib, har bir sport zallarini ko‘zdan kechirdi. Murabbiy-ustozlar va sportchilar bilan suhbatlashdi. Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida yangi qurilgan sport zali, oshxona va yotoqxona binosining rekonstruksiya ishlarini kuzatdi.

Kunning ikkinchi yarmida respublika sportning Yakkakurash turlariga ixtisoslashtirilgan sport maktabi hamda uning bazalarida bo‘lib, sportchilar va murabbiylar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Sport maktabida shug‘ullanuvchilar uchun yanada kengroq imkoniyatlar yaratish bo‘yicha o‘z takliflarini berdi.

Shundan so‘ng davlatimiz rahbarining 2023 yil 25 dekabrdagi “2024 – 2026 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida Nukus shahrida rekonstruksiya ishlari olib borilayotgan “Turon” stadionida ham bo‘ldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri