“Tong nuri” teatr jamoasi kelgusi bosqichga yo‘llanma oldi

264

Nukus shahridagi Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatrida umumta’lim maktablarining 7-10-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Turon” maktab teatri respublika ko‘rik-tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi o‘tkazildi.

O‘quvchilar o‘rtasida teatr san’ati va madaniyatini keng targ‘ib qilish hamda maktablardagi teatr studiyalari faoliyatini rivojlantirish, o‘quvchilarda notiqlik san’ati va sahna madaniyatini shakllantirish, ta’lim muassasalaridagi o‘quvchilar teatr studiyalari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, ularning ijodiy va intellektual qobiliyatini rivojlantirish, iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash, o‘quvchilar teatr studiyalari a’zolarining erishgan yutuqlari va tajribalarini ommalashtirish tanlovning asosiy maqsadi hisoblanadi. Ishtirokchilar “Bizning maktab” tanishtiruv, “Madaniyat va san’at bilimdoni” savol-javob, “Teatr – ibratxona” sahna tomoshasi shartlari bo‘yicha o‘z iste’dodlarini namoyish etdi.

– Ko‘rik-tanlovning bu yilgi bosqichida Orolbo‘yidan jami 726 maktabdan jamoa ishtirok etish istagini bildirdi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Guliston Qojabayeva. – Shundan g‘olib bo‘lgan 17 ta jamoa Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida ishtirok etmoqda.

Tanlovning yakuniy natijalariga ko‘ra, Nukus shahridagi 31-sonli umumta’lim maktabining “Tong nuri” teatr jamoasi birinchi, Nukus tumanidagi 7-sonli umumta’lim maktabining “Teatron” teatr jamoasi ikkinchi, Qonliko‘l tumanidagi 2-sonli umumta’lim maktabining “Estrada” teatr jamoasi uchinchi o‘rinlarni egalladi. Birinchi o‘rinni egallagan “Tong nuri”jamoasi tanlovning yakuniy bosqichiga yo‘llanma oldi.

Tanlovning g‘olib va sovrindorlari, shuningdek, faol ishtirok etgan teatr jamoalari tashkilotchilar tomonidan diplom hamda esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA