“Diyqan arna” – eng obod mahalla

FOTOREPORTAJ
Nukus shahrida “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” tanlovining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichi bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda so‘nggi yillarda mamlakatimizning asosiy o‘zagi bo‘lgan mahallalarimizni har tomonlama obodonlashtirish, xonadonlarning daromadini oshirish, umuman olganda aholining farovon turmushini ta’minlash borasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani xususida so‘z yuritildi. “Obod xonadon”, “Obod ko‘cha” va “Obod mahalla” tanlovini o‘tkazishdagi asosiy maqsad ham ushbu jarayonlarga hamohangligi qayd etildi.
Joriy yil mart oyining birinchi yarmida tanlovning mahalla va tuman (shahar) bosqichi tashkil etildi. Mahalla bosqichida 452 mahalladan jami 7684 xonadon va 6975 ko‘cha oqsoqoli qamrab olingan bo‘lsa, ikkinchi bosqichda 1356 mahalla raisi, ko‘cha oqsoqoli va xonadon egalari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar tanlov shartlari bo‘yicha o‘z ishlarini hay’at a’zolariga taqdim qildi va belgilangan savol-javoblar asosida o‘z bilimini sinovdan o‘tkazdi. Tanlovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bosqichida esa, avvalgi bosqichlarda g‘olib bo‘lgan jami 51 mahalla raisi, ko‘cha oqsoqoli va xonadon egasi qatnashish imkoniga ega bo‘ldi.
Yakunda Nukus tumanidagi “Diyqan arna” mahalla fuqarolar yig‘ini birinchi, Nukus shahridagi “Nao‘pir” mahalla fuqarolar yig‘ini ikkinchi va Ellikqal’a tumanining “Paxtachi” mahalla fuqarolar yig‘ini uchinchi o‘rinni egalladi.
G‘olib va sovrindorlar tashkilotchilar tomonidan diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA