Boks “Los-Anjeles-2028” Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritildi
278
20 mart kuni Xalqaro Olimpiya qo‘mitasi (XOQ) Ijroiya kengashining Kosta-Navarinoda (Gretsiya) davom etayotgan 144-sessiyasi doirasidagi yig‘ilishda boks sport turi sifatida 2028 yili Los-Anjelesda o‘tadigan yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgani e’lon qilindi.
Ma’lumki, bundan ikki kun muqaddam XOQ Ijroiya kengashi 144-sessiyasi ish boshlagan ilk kunda tashkil etilgan matbuot anjumanida Xalqaro Olimpiya qo‘mitasining amaldagi rahbari Tomas Bax boksni “Los-Anjeles-2028” Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish ovozga qo‘yilishini aytib o‘tgandi.
Bugun o‘tkazilgan sessiya yig‘ilishida ishtirok etgan 100 nafardan ziyod delegatlar boksni Los-Anjeles Olimpiadasi dasturidan joy olishini yoqlab chiqdi.
Eslatib o‘tamiz, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ijroiya qo‘mitasi qaroriga binoan Los-Anjeles Olimpiadasidagi boks bahslari World Boxing tashkiloti tomonidan o‘tkazilishi belgilangan.
T.Ro‘ziyev, O‘zA