Korrupsiyaga qarshi kurashish holati o‘rganmoqda
Respublika idoralararo ishchi guruh shu kunlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasining To‘rtko‘l va Beruniy tumanlarida kriminogen vaziyat, turli sohalarda korrupsiyaga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar, idora va tashkilotlar faoliyati ochiqligining ta’minlanganlik holatini o‘rganmoqda.
O‘rganishlarda sog‘liqni saqlash, bandlik hamda bank tizimlarida korrupsiyaviy omillarni aniqlash hamda ularni bartaraf etishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Ishchi guruh tomonidan mazkur tumanlardagi sog‘liqni saqlash muassasalarida korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan ishlar holati o‘rganilib, ularda bepul va pullik tibbiy xizmatlarni ko‘rsatish, tibbiy jihozlar va dori vositalari bilan ta’minlash, tibbiyot xodimlarini ishga qabul qilish kabi yo‘nalishlarda korrupsiya xavflarini bartaraf etish choralari ko‘rib chiqilmoqda.
Mazkur tibbiyot muassasalarida korrupsiyaning oldini olish ishlari samarali yo‘lga qo‘yilmaganligi, tibbiyot xodimlari va aholida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishda kamchiliklar mavjudligi tanqid qilindi.
Ishchi guruh idora va tashkilotlarda ishga qabul qilishda ochiqlik va shaffoflik tamoyillariga rioya etish, aholiga bank xizmatlarini ko‘rsatishda korrupsiya va byurokratiyaning oldini olish va samarali tizim yaratish choralarining yo‘lga qo‘yilganligi bilan tanishmoqda. Shuningdek, mahallalardagi mavjud muammolar va korrupsiyaviy omillarni aniqlash, ularga barham berish uchun yangi zamonaviy tizim bo‘yicha takliflar ishlab chiqish maqsadida tuman mahallalarida “Mahalla yettiligi” bilan muloqotlar o‘tkazmoqda.
O‘rganishlarda yuqoridagi soha va tizimlarda korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha yo‘l qo‘yilayotgan bir qator kamchiliklar aniqlanib, ularni bartaraf etish, tamagirlik va korrupsiya holatlarining oldini olish yuzasidan mas’ullarga zarur topshiriqlar berildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri