Shaxmat: XVIII “Tashkent Open” xalqaro turniri boshlandi

165

Bugun, 20 mart kuni poytaxtimizdagi Xalqaro shaxmat akademiyasida O‘zbekistonning birinchi grossmeysteri Georgiy Agzamov xotirasiga bag‘ishlangan XVIII “Tashkent Open” xalqaro turnirining dastlabki tur o‘yinlari bo‘lib o‘tadi.

O‘n sakkizinchi marotaba tashkil etilayotgan turnirning bu yilgi mukofot jamg‘armasi 75 ming AQSH dollari etib belgilangan. 10 turdan iborat turnirda ishtirokchilar ikki guruhda sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib boradi. “A” guruhida 1800 va undan yuqori reytinglilar, “V” guruhida reytingi 1999 va undan past shaxmatchilar qatnashmoqda.

“A” guruhida hindistonlik Nihal Sarin (2687) birinchi raqam ostida saralangan. Yosh grossmeysterimiz Shamsiddin Vohidov ikkinchi raqamli shaxmatchi sifatida tasniflandi. Bugun kuning ikkinchi yarimida boshlanadigan 1-tur bahsida Sarin oq donalarda hamyurtimiz Behruz Umarov bilan kuch sinashadi. Terma jamoamiz a’zosi Shamsiddin Vohidov dastlabki o‘yinda qora donalarda Azamat Daurimetov bilan bahslashadi.

Xalqaro turnir musobaqalari 30 martga qadar davom etadi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA