Duatlon bo‘yicha O‘zbekiston chempionatini yuqori saviyada o‘tkazish masalasi muhokama qilindi

181

Joriy yilning 5 aprel kuni Toshkentdagi “Yangi O‘zbekiston” bog‘i va unga tutash hududlarda triatlon sport turining duatlon yo‘nalishi bo‘yicha yoshlar hamda havaskorlar o‘rtasida O‘zbekiston chempionati bo‘lib o‘tadi.

Mazkur chempionatni yuqori saviyada tashkil etish, uning har jihatdan tartibli o‘tishini ta’minlash maqsadida Sport vazirligida tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazildi.

Sport vaziri o‘rinbosari Sh.Mahmudov raisligidagi yig‘ilish davomida musobaqada respublikamizning barcha hududlaridan 250 nafar sportchi qatnashishi, ularning 150 nafari yosh sportchilar hamda 100 nafari havaskorlar ekani, bellashuvlar 24 ta medallar jamlamasi uchun kechishi ta’kidlandi.

Yig‘ilishda to‘rtinchi bora o‘tkazilayotgan duatlon bo‘yicha navbatdagi musobaqaga sportchilarning ishtirok etishi va ularning xavfsizligini ta’minlash borasida so‘z yuritildi.

Shuningdek, musobaqaning yuqori saviyada tashkil etilishi yuzasidan har bir vazirlik va idoralar vakillariga vazifalar belgilab berildi.

Bahslarni boshqarib borishda 35 nafar hakam ishtirok etadi. Bu, yurtimizda ushbu sport turi bo‘yicha yetuk mutaxassislar safi yildan yilga kengayib borayotganidan dalolatdir.

Muhokamalar davomida har bir yo‘nalish bo‘yicha mas’ullarning hisoboti tinglandi. Daxldor tashkilot va idora mas’ullarga aniq vazifalar berildi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA