Talabalar o‘rtasida kriket musobaqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida hamkorlik memorandumi imzolandi

178

“Los-Anjeles-2028” yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan kriket sport turini yanada ommalashtirish, mahoratli sportchilarni saralash, zarur infratuzilmalar tizimini yaratish borasida tegishli ishlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, talaba-yoshlar o‘rtasida kriket musobaqalarini yo‘lga qo‘yish maqsadida oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Tashkent Perfect university va O‘zbekiston kriket federatsiyasi o‘rtasida imzolangan hamkorlik memorandumida ham ayni masalalarga e’tibor qaratilgan.

– Yurtimizda ushbu sport turini ommalashtirish orqali kelajakda mamlakatimiz kriket jamoasining Olimpiya va Osiyo o‘yinlarida qatnashishiga yetarli shart-sharoitlar yaratish oldimizda turgan asosiy vazifa sanaladi. Davlatimiz rahbari Olimpiada bahslarida yakka kurash sport turlari qatori o‘yin sport turlari bo‘yicha ham yutuqlarga erishish lozimligi borasida ko‘rsatmalar berib o‘tgandi. Ushbu vazifa va topshiriqlardan kelib chiqib, oliy o‘quv yurtlari bilan imzolanayotgan hamkorlik memorandumi orqali kriket bo‘yicha “Talabalar ligasi” musobaqalarini tizimli tashkil etish, yetuk kriket mutaxassislarini tayyorlash ishlarini yangi bosqichga olib chiqish nazarda tutilmoqda, – deydi O‘zbekiston kriket federatsiyasi raisi Aziz Mixliyev.

Marosim davomida kriket sport turining ichki va xalqaro hamkorlik doirasidagi faoliyati, ushbu sport turi orqali turizmga keng yo‘l ochish istiqbollari yuzasidan davra suhbati tashkil etildi.

T.Ro‘ziyev, O‘zA