“Women’s Chess Championship” g‘oliblari ma’lum

158

Samarqand shahrida mukofot jamg‘armasi 50 ming AQSH dollarini tashkil etgan ayollar o‘rtasidagi “Women’s Chess Championship” xalqaro turniri o‘z nihoyasiga yetdi.

14 davlatning 150 nafarga yaqin shaxmatchi xotin-qizlari bosh sovrin uchun kurashgan turnirda FIDE reytingida 1800 dan yuqori bo‘lganlar “A” guruhda, reytingi 2000 va undan past darajadagilar “B” guruhda dona surdi.

Kecha xalqaro turnirning 9-tur o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. “A” guruhida yetakchilikka asosiy da’vogarlar Shuvalova – Shuxman va Bodnaruk – Slivichka uchrashuvlari ko‘pchilikning diqqat-e’tiborida bo‘ldi.

Birinchi juftlik bahsida murosa yo‘li tanlangan bo‘lsa, ikkinchi juftlik qarama-qarshiligidagi o‘yinda polshalik Alisya Slivichka qora donalarda harakatlanishiga qaramasdan raqibini taslim etishga erishdi. Aynan ushbu g‘alaba Slivichka turnirdagi umumiy ochkolari soni 7,5 taga yetishini va kuchlilar kurashida 1-o‘rinni qo‘lga kiritishini ta’minladi.

Sovrinli o‘rinlar shuningdek, 7 ochkoli Anna Shuxman, 6,5 ochkoli Polina Shuvalovaga nasib etdi.

Hamyurtimiz Umida Omonova so‘nggi turda iqtidorli yosh shaxmatchimiz Guldona Karimovani dog‘da qoldirgan holda 6,5 ochko bilan qo‘shimcha ko‘rsatkichlarga ko‘ra, 5-pog‘onadan joy oldi.

Terma jamoamiz a’zolaridan Guldona Karimova va Afruza Hamdamova 5,5 ochko bilan 11-12-o‘rinlarni, Nilufar Yoqubboyeva 5,5 ochko bilan 16-o‘rinni band etdi.

Xalqaro turnirning “B” guruhida 80 nafar xotin-qiz dona so‘rgan bo‘lsa, ular orasida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolaridan Maftuna Mamatqulova 8 ochko bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.

Robiyaxon Sardorova 7,5 ochko bilan 2-o‘rinni, 7 ochkoli Shahina Ahmedova 3-o‘rinni egalladi. Shuningdek, 6,5 ochko jamg‘argan iqtidorli shaxmatchi-qizlarimizdan Malika Jumayeva, Aziza Tursunova, Gulxumor Najmitdinova, Mohinur Hikmatxonova kabi yoshlarimiz kuchli o‘nlikni band etishdi.

T.Ro‘ziyev,

O‘zA