O‘zbekiston – Qozog‘iston hamkorligi rivojlanmoqda

“BMB HOLDING” Kuzatuv kengashi raisi Bekzod Mamatqulov Qozog‘istonning Savdo va integratsiya vaziri Arman Shakkaliyev hamda Qozog‘iston Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamkulov bilan uchrashdi.
Ushbu muloqotda ikki tomonlama manfaatli hamkorlikning ustuvor vazifalari belgilab olindi.
Mazkur uchrashuvning asosiy mavzusi savdo va iqtisodiy hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlarini rivojlantirish, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini kengaytirish hamda qo‘shma investitsiya loyihalarini amalga oshirish kabi dolzarb masalalar bo‘lib, mavjud imkoniyatlardan to‘liq foydalanish va iqtisodiy aloqalarni sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish zarurligi ta’kidlandi.
Muloqot davomida saxovatli Jizzax dalalarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini “KazEksport” tizimi orqali Qozog‘iston bozoriga va ulgurji tarqatish tarmoqlariga yetkazib berish masalasiga alohida e’tibor qaratildi.
“BMB HOLDING” qozog‘istonlik tadbirkorlar bilan hamkorlikda media markaz (HAB) tashkil etish va Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi “BMB-NRC Agrologistics” majmuasi orqali chuqur qayta ishlangan mahsulotlar va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Qozog‘iston bozorlari va oziq-ovqat ta’minot zaxirasiga yetkazib berish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
Bu esa fermerlarimiz uchun yangi bozorlar eshiklarini ochib, ularning daromadlarini oshirishga xizmat qiladi.
Uchrashuv yakunida tez kunlarda Qozog‘iston ishbilarmonlaridan iborat delegatsiyaning mamlakatimizga, xususan, “BMB HOLDING” tizimidagi korxonalarga tashrifini amalga oshirish va imkoniyatlar bilan tanishtirish, o‘z navbatida, Xolding vakillaridan iborat delegatsiya a’zolarining Qozog‘istonga xizmat safarini tashkil etish hamda hamkorlik shartnomalarini imzolashga kelishib olindi.
Bu kabi uchrashuvlar har ikki tomonning ham iqtisodiy manfaatlariga xizmat qiladi, O‘zbekiston – Qozog‘iston mintaqaviy rivojlanishiga muhim hissa bo‘lib qo‘shiladi va har ikki tomon ishbilarmon va tadbirkorlari uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.
A.Qayumov, O‘zA muxbiri