Tramp va Putin suhbatiga jahon matbuoti baho bermoqda

–
Seshanba kuni kechqurun AQSH va Rossiya Prezidentlari telefon orqali gaplashdi. Suhbat ikki soatga cho‘zilgan. Putin mojaro tomonlari energetika infratuzilmasi ob’ektlariga o‘zaro zarba berishdan 30 kun voz kechish g‘oyasiga ijobiy munosabat bildirgan va harbiylarga shu haqda tegishli buyruq bergan. Shundan keyin Tramp suhbat yakuni bo‘yicha bayonot berdi. “RIA Novosti” masalaning asosiy jihatlariga e’tibor qaratdi.
Ukraina haqida
Rossiya yetakchisi Trampdan Kiyevga yordam ko‘rsatish to‘xtatilishini talab qilmagan, ushbu masala umuman muhokama qilinmagan. Amerikalik harbiylar bu raqobatda ishtirok etmasligi kerakligi, aks holda mojaro Uchinchi jahon urushiga aylanib ketishi mumkinligi ta’kidlangan.
Rossiya bilan munosabat haqida
Moskva bilan urush tugagandan keyingina iqtisodiy munosabat yo‘lga qo‘yilishi mumkin. Rossiyada AQSHga zarur zaxira mavjud, masalan nodir yer osti metallari. Vashington nafaqat Moskva, balki Pekin bilan ham aloqani yaxshilash niyatida.
– Biz ikki mamlakat bilan ham do‘st bo‘lmoqchimiz, – deyilgan bayonotda.
Bu ikki davlat yetakchisi 12 fevralda ham gaplashgan. O‘shanda qariyb bir yarim soat davom etgan muzokarada Ukrainadagi vaziyat muhokama qilingan, aloqani davom ettirish, jumladan yuzma-yuz uchrashuv tashkil qilish masalasida kelishib olingan.
Dunyoning yetakchi ommaviy axborot vositalari suhbat haqida yozarkan, ko‘pchilik o‘zaro munosabatda ijobiy siljish kuzatilganini ta’kidlamoqda.
“ABC” gazetasi (Ispaniya): – Muloqot Ukraina bo‘yicha kelishuv imkoniyatiga asos yaratdi. Trampning o‘t ochishni zudlik bilan to‘xtatish bo‘yicha shov-shuvli rejasi uning qo‘lidan chiqib ketmoqda.
Guardian (Buyuk Britaniya): – Energetika infratuzilmasi inshootlariga hujumni to‘xtatish ikki tomondan ham qo‘llab-quvvatlanishi uch yildan ortiq davom etayotgan urush ilk bor qisman tin olishini anglatadi.
Al Akhbar (Livan): – Yarashuvning Rossiya yetakchisi rozi bo‘lgan cheklangan jihatlariga e’tibor qaratish zarur.
Echos (Fransiya) nashri: – Amerika va Rossiya Prezidentlarining qariyb ikki soat davom etgan suhbatidan keyin “tog‘da sichqon tug‘ildi”.
Pais (Ispaniya) gazetasi: – Bu muloqot “hamin qadar” natija berdi.
New York Times: Xulosa Tramp ko‘zlagan maqsaddan juda uzoqqa o‘xshaydi.
Politico (Italiya) nashri: – Rossiya va Ukrainani yarashtirishda hal qiluvchi daqiqalar, deya baholangan mazkur telefon muloqotida, to‘g‘risi, Tramp va Putin uzoq vaqt boshqa mavzularni muhokama qilganga o‘xshaydi.
Liberation (Fransiya) gazetasi: – AQSH va Rossiya yetakchilari til topishgan.
Boshqa qator nashrlar ham e’tiborini Rossiya rasmiylari Tramp va Putin suhbatidan qoniqish hosil qilganini bildirganiga qaratgan.
Nima bo‘lganda ham AQSH va Rossiya yetakchilari bosh mavzu sifatida Ukrainada tinchlik o‘rnatish masalasini tanlagani muhim voqelik. Zero tinchlikka erishish, avvalo, muloqotdan boshlanishi barchaga ma’lum. Buni qator OAV ham ta’kidlamoqda. Masalan, Britaniyada chiqadigan “Independent” gazetasi qayd etishicha, rasmiy London AQSH va Rossiya o‘rtasidagi muzokarada ijobiy siljish kuzatilayotganini olqishlagan. Nashr Qirollik Bosh vaziri matbuot kotibidan quyidagi iqtibosni keltirgan:
– Urushni tugatish bo‘yicha muzokarada erishilgan ijobiy natijani qo‘llab-quvvatlaymiz. Bu jarayon Ukrainaga adolatli va mustahkam tinchlik olib kelishi kerak.
Voqealarning kutilayotgan rivoji
– Ukraina bilan mojaroni hal qilishga qaratilgan muzokara ijobiy natija bermoqda, – dedi AQSHning Rossiya bilan muzokara olib borish bo‘yicha elchisi Stiven Uitkoff “Fox News” telekanaliga bergan intervyusida. – Tomonlar o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga erishish rejasini ishlab chiqmoqda. Maqsadga erishishning asosiy shartlari muhokama qilindi. Natija ijobiy. Yakshanba kuni Jidda shahrida birgalikda tafsilotli reja ishlab chiqishni boshlaymiz. Keyin urushni to‘liq to‘xtatishga o‘tamiz.
S.Rahimov, O‘zA