O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi to‘g‘risida AXBOROT
18 mart kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi o‘z ishini davom ettirdi.
Unda Senat, hukumat a’zolari, vazirlik va idoralarning vakillari, mahalliy Kengashlarning deputatlari, Senat huzuridagi Yoshlar parlamenti a’zolari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari qatnashdi.
Videokonferensaloqa tarzida o‘tkazilgan yalpi majlisni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva olib bordi.
Yalpi majlis Senatning YouTube tarmog‘idagi sahifasi orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib borildi.
Yalpi majlisning ikkinchi ish kuni senatorlar tomonidan dastlab “O‘zbekiston Respublikasining Yevroosiyo taraqqiyot bankini ta’sis etish haqidagi Bitimga (Ostona, 2006 yil 12 yanvar) qo‘shilishi to‘g‘risida”gi qonunni ko‘rib chiqishdan boshlandi.
Bitimning asosiy maqsadi – investitsiya faoliyati orqali unga qo‘shilgan ishtirokchi davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga va ular o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirishga ko‘maklashishdir.
Mazkur hujjatga ko‘ra, ushbu bank o‘z faoliyatini xalqaro shartnomalar, xalqaro huquq, umume’tirof etilgan bank faoliyati tamoyillari va me’yorlariga muvofiq amalga oshirishi, shuningdek, Bank nizomi ushbu Bitimga ilova qilingan holda tasdiqlanishi nazarda tutilgan.
Shuningdek, Bank Nizomida Yevroosiyo taraqqiyot banki faoliyati, maqsad va vazifalari, funksiyalari, imtiyozlari, ustav kapitali va unga obuna bo‘lish shartlari hamda Bank boshqaruviga oid tartib-qoidalar belgilangan.
Bundan tashqari, Yevroosiyo taraqqiyot banki ishtirokchi davlatlarning iqtisodiyoti va moliyaviy bozorlari holati, ularning investitsiya imkoniyatlari, pul-kredit va valyuta munosabatlari, bank va valyutani tartibga solish sohasidagi qonunchilik normalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘plashi, tizimlashtirishi va tahlil qilishi belgilanmoqda.
Qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonning Yevroosiyo taraqqiyot bankiga a’zo bo‘lishi uchun huquqiy asos yaratishga, uning faoliyati doirasida to‘liq va samarali ishtirok etish huquqini ta’minlashga, shuningdek, Bankka a’zo davlatlarning iqtisodiy o‘sishiga ko‘maklashishga, savdo-iqtisodiy aloqalarini kengaytirish va investitsiya faoliyati orqali Yevroosiyo hududida integratsiya jarayonlarini rivojlantirishga xizmat qiladi.
Muhokama yakunida senatorlar tomonidan qonun ma’qullandi.
Yalpi majlis davomida “O‘zbekiston Respublikasi bilan Qirg‘iz Respublikasi o‘rtasida ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarni jazoni o‘tashni davom ettirish uchun topshirish to‘g‘risidagi Shartnomani (Toshkent, 2024 yil 18 iyul) ratifikatsiya qilish haqida”gi qonun ko‘rib chiqildi.
Shartnomaning asosiy maqsadi mahkumlar jazoni o‘z fuqaroligi bo‘lgan davlatda, ya’ni o‘z Vatanida, oilasi yaqinida o‘tash imkoniyatini yaratishga qaratilgan. Shartnomada jazo muddatini o‘tayotgan mahkumlarni hukmni ijro etish uchun o‘z davlatiga topshirish asoslari, shartlari hamda tartiblari aniq ko‘rsatib o‘tilgan.
Shuningdek, mazkur hujjatda mahkumni topshirish bilan bog‘liq xarajatlar, nizolarni hal qilish, ikki tomonlama aloqa tillari, Shartnomaga o‘zgartirish kiritish hamda uning kuchga kirishi kabi muhim masalalar o‘rin olgan. Shartnomada O‘zbekiston va Qirg‘iziston bosh prokuraturalari tomonlarning markaziy organlari etib belgilangan.
Qayd etilganidek, mazkur Shartnomaning ratifikatsiya qilinishi mahkum o‘ziga belgilangan jazoni o‘z davlatida o‘tashini davom ettirishini ta’minlash orqali uni ijtimoiy reabilitatsiya qilishni jadallashtirish imkonini beradi.
Shubhasiz, mahkumlarning jazoni o‘z davlatida o‘tashi ularga yaqin qarindoshlari bilan muntazam ko‘rishib turish imkoniyatini berish bilan birga mahkumlarning oilaviy munosabatlariga ijobiy ta’sir qiladi hamda ularning ijtimoiy hayotga moslashuvini tezlashtiradi.
Muhokama yakunida senatorlar tomonidan qonun ma’qullandi.
Shundan so‘ng yalpi majlisda Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2024 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi (hisoboti) ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Ombudsman instituti 2024 yilda yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini olib borish, sohaga oid milliy qonunchilik hamda milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek, fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishda bir qator ishlarni amalga oshirgan.
Senatning 2024 yil 30 martdagi tegishli qarori ijrosi yuzasidan takroriy murojaatlarning oldini olish choralari ko‘rilishi natijasida bu borada ijobiy natijalarga erishildi. Takroriy murojaatlar soni 2024 yilda 3 077 tani tashkil qilib, oldingi yilga nisbatan 21 taga kamaygan.
Aholining inson huquq va erkinliklari sohasidagi huquqiy ong va madaniyatini oshirish maqsadida “Ombudsman maktabi” loyihasi doirasida mamlakatimizning 86 ta tuman va shaharlarida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilgan. O‘tgan yili ommaviy axborot vositalarida Ombudsman faoliyatiga oid 4 mingdan ortiq chiqish tashkil etilgan.
Lekin yalpi majlisda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ayrim kamchilik va muammolar ham kuzatilayotgani ta’kidlab o‘tildi.
Xususan, 2024 yilda Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar soni (23 422 ta) 2023 yilga nisbatan 4 800 taga yoki 25 foizga ortgan.
2024 yilda Ombudsmanga yo‘llangan murojaatlar kesimiga e’tibor berilsa, jami murojaatlarning 31,8 foizini ijtimoiy huquq yo‘nalishidagi murojaatlar tashkil etishi va bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 82 foizga oshgani ma’lum bo‘ladi.
Xotin-qizlar huquqlarining cheklanishi, oilada ayolning tahqirlanishi, oiladagi tinchlikni ta’minlash va zo‘ravonlikning oldini olish masalasida 294 ta murojaat kelib tushib, oldingi yilga (133 ta) nisbatan 121 foizga ko‘paygan.
Shuningdek, Ombudsmanning mintaqaviy vakillariga ushbu organ kotibiyatidan hamda fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri 3 857 ta murojaat kelib tushgan. Bu qabul qilingan jami murojaatlarning atigi 16,4 foizini tashkil etgan.
Muhokamalar davomida qonunchilikda belgilangan ta’sir choralaridan samarali foydalanish, murojaatlarni eng ko‘p kelib tushgan hududlar kesimida o‘rganish, harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarda yaratilgan shart-sharoitlar va u yerda saqlanayotgan shaxslarning muammolari bilan yaqindan tanishish maqsadida monitoring tashriflari samaradorligini oshirish, mintaqaviy vakillarning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
Ushbu masala yakuni bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Shuningdek, yalpi majlisda Bola huquqlari bo‘yicha vakilning bola huquqlari to‘g‘risidagi qonunchilikka davlat organlari tomonidan rioya etilishi holati haqidagi ma’ruzasi eshitildi.
Ta’kidlanganidek, 2024 yilda Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga O‘zbekiston Respublikasi va xorijiy davlatlar fuqarolari hamda ombudsmanlari, jamoat tashkilotlari va boshqa yuridik shaxslardan 1064 ta murojaat kelib tushgan. 2023 yilga nisbatan solishtirganda ushbu ko‘rsatkich 2,4 baravarga oshgan.
O‘tgan yili Bola huquqlari bo‘yicha vakil va uning kotibiyati xodimlari tomonidan bola o‘z ixtiyori bilan chiqib keta olmaydigan muassasalarga monitoring shaklidagi jami 31 ta tashrif amalga oshirilgan. Shu davrda ular 46 ta fuqarolik, jinoyat va ma’muriy ishlar yuzasidan sudlarda kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan.
Qayd etilishicha, Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga kelib tushgan murojaatlarni o‘rganish hamda bola huquqlari sohasidagi qonunchilikda mavjud muammolar tahlili natijasida davlat organlari va tashkilotlarga 40 ta tahliliy axborot kiritilgan hamda mutasaddi idoralar bilan hamkorlikda 3 ta qonun loyihasi ishlab chiqilgan.
Murojaatlar tahlili va monitoring faoliyati asosida davlat organlari tomonidan bola huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishiga yo‘l qo‘yilganligi yuzasidan ta’sir choralari orqali munosabat bildirilgan. Bunda bola huquqlari bo‘yicha vakil tomonidan jami 36 ta ogohlantirish, taqdimnoma, xulosa va sud hujjati ustidan protest keltirish to‘g‘risida iltimosnomalar kiritilgan.
Ma’ruzada ta’kidlanganidek, murojaatlarni o‘rganish natijasida aniqlangan bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 14 ta jinoyat ishi hamda 18 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
Ta’lim muassasalarida bolaga jismoniy zo‘ravonlik qilganligi hamda o‘z kasbiy faoliyatiga sovuqqonlik bilan qaraganligi uchun 7 nafar xodim ma’muriy javobgarlikka tortilgan.
Bolalarga nisbatan qilgan qo‘pol xatti-harakatlari uchun 22 nafar xodimga nisbatan intizomiy jazo qo‘llanilgan.
Shuningdek, internet tarmog‘i monitoringi davomida aniqlangan o‘g‘il-qizlar huquqlarining buzilishiga oid 83 ta holat mutasaddi davlat organlari bilan hamkorlikda tekshirilib, bolalarga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlik holatlari yuzasidan 15 ta jinoyat ishi hamda 9 ta ma’muriy ish qo‘zg‘atilgan.
Bundan tashqari, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlari bilan hamkorlikda 87 ta holat yuzasidan hududlardagi bolaning ijtimoiy psixologik vaziyati baholanib, 11 nafar bolaga vasiy yoki homiy tayinlanishi ta’minlangan.
Bola huquqlari bo‘yicha vakil nomiga murojaatlar va hamkor tashkilotlarning so‘rovlari asosida xorijda ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan 52 nafar bolaning O‘zbekistonga qaytarilishiga erishilgan.
O‘z faoliyati yuzasidan ochiq va shaffof tarzda axborot berish maqsadida Bolalar ombudsmanining ijtimoiy tarmoqlarda rasmiy sahifalari yo‘lga qo‘yilgan, “Bolalarvakili.uz” rasmiy veb-sayti ishga tushirilgan.
Muhokamalar nihoyasida ma’ruzani ko‘rib chiqish yakunlari yuzasidan Senat qarori qabul qilindi.
Bundan tashqari, yalpi majlisda 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash masalasi ko‘rib chiqildi.
Yalpi majlisda gender tenglikni ta’minlash, ayollarning ijtimoiy-siyosiy hayotdagi rolini oshirish borasidagi ishlar yuzasidan ma’lumot berildi.
Ta’kidlanganidek, o‘tgan vaqt davomida xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga, xotin-qizlarning iqtisodiy va ijtimoiy sharoitlarini yaxshilashga qaratilgan 14 ta normativ-huquqiy hujjat qabul qilindi.
Davlat boshqaruv akademiyasi tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining bilim va kasbiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan o‘quv dasturlari doirasida 827 nafar xotin-qiz o‘qitildi.
Avstriya, Chexiya, Latviya, Turkiya, Koreya, Xitoy va Yaponiyada 30 dan ortiq rahbar ayollarning turli yo‘nalishda malakasi oshirildi.
Xotin-qizlarning siyosiy faolligini oshirishga qaratilgan “Siyosatchi ayol”, “Ishbilarmon ayol” ko‘rik-tanlovlari, “Deputat va yoshlar”, “Siyosatga marhamat”, “Liderlar onlayn maktabi”, “Men muvaffaqiyatli ayolman”, “Men lider ayolman”, “Men deputat bo‘laman” mavzularida siyosiy partiyalar tomonidan tadbirlar o‘tkazildi.
2024 yilda o‘tkazilgan saylovlar natijasida xotin-qizlar ulushi Senatda qariyb 27 foizga, Qonunchilik palatasida 38 foizga, mahalliy Kengashlarda 32,5 foizga yetdi.
“Yel-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiyalar kvotasi doirasida bakalavriat va magistratura ta’lim yo‘nalishiga xotin-qizlar uchun 30 tadan qo‘shimcha o‘rin ajratildi. Shuning hisobidan 148 nafar xotin-qiz xorijiy oliy ta’lim tashkilotlarida o‘qish uchun Jamg‘arma stipendiyasini qo‘lga kiritdi.
Bu borada olib borilayotgan tizimli chora-tadbirlar xalqaro hamjamiyat tomonidan ham keng e’tirof etildi. Jahon banki indeksida O‘zbekiston gender tenglik sohasida dunyodagi eng tez rivojlanayotgan 5 ta mamlakat qatorida qayd etildi. Gender tenglik va boshqaruv indeksida (GEGI) O‘zbekiston 51 ta pog‘onaga ko‘tarilib, 52-o‘rinni egalladi.
Shuningdek, yalpi majlisda maqsadli ko‘rsatkichlar ijrosi muddati ortda qolganligi tanqidiy muhokama qilinib, tegishli vazirlik va idoralarga ko‘rsatmalar berildi.
Xotin-qizlarning iqtisodiy faolligini kengaytirish, mehnatga haq to‘lashda tafovutni kamaytirish, ularni yuqori daromadli moliya, axborot texnologiyalari sohasiga keng jalb qilish, davlat korxonalarining ijro organlari, shu jumladan, direktorlar kengashi va kuzatuv kengashlarining tarkibida xotin-qizlar ulushini oshirish, gender tenglikni ta’minlashga oid turli stereotiplarning oldini olish va unga oid me’yorlarni aholi orasida keng targ‘ib qilish qamrovini kengaytirish zarurligi aytib o‘tildi.
Yalpi majlisda 2030 yilga qadar O‘zbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasini 2025 yilda amalga oshirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar dasturi qabul qilindi.
Mazkur dasturda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan qonunchilik asoslarini takomillashtirish borasida xalqaro standartlarni joriy qilish, davlat xizmatidagi xotin qizlarning siyosiy-huquqiy salohiyatini oshirish, tabiiy fanlar, texnologiyalar, texnik ijodkorlik, matematika yo‘nalishlarida o‘qishni istagan xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning ilmiy va startap g‘oyalarini ro‘yobga chiqarish ko‘nikmalarini shakllantirish, ularni ilmiy-innovatsion faoliyatga keng jalb etish kabi masalalar o‘rin oldi.
Senatorlar dastur milliy va xalqaro majburiyatlarni bajarishga ko‘maklashishga xizmat qilishini ta’kidlab, unda belgilangan vazifalar, tadbirlarni o‘z vaqtida amalga oshirish hamda bu boradagi ishlarni kuchaytirish muhimligi yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Mazkur masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Shu bilan birga, yalpi majlisda yuqori palataning 2024 yil 10 iyuldagi tegishli qarori bilan o‘zini o‘zi band qilish tartibida mehnat faoliyatini amalga oshirishning ayrim masalalari yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Soliq kodeksining 408-moddasida nazarda tutilgan shu toifadagi shaxslar tomonidan to‘lanadigan ijtimoiy soliq hisobot yilining 1 dekabrigacha amalga oshirilishiga oid norma qayta ko‘rib chiqildi va bu muddat 31 dekabrga qadar etib belgilandi.
Bu imtiyozlar “Soliq va byudjet siyosatining 2025 yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda o‘z ifodasini topdi.
Ish stajiga ega bo‘lmoqchi bo‘lgan va o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar uchun ijtimoiy soliqni to‘lash muddatining 31 dekabrga qadar uzaytirilishi bir qator qulayliklarni yaratadi. Jumladan, ushbu tartib asosida mehnat bilan band shaxslar bazaviy hisoblash miqdorida 1 yilda 1 marotaba ijtimoiy soliqni to‘lasa, 1 yillik ish stajiga ega bo‘lishi mumkin.
Tanqidiy-tahliliy o‘tgan muhokamalar davomida senatorlar tomonidan parlament so‘rovida ko‘tarilgan ayrim masalalar hanuzgacha o‘z yechimini topmagani qayd etildi. Xususan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslar tomonidan ijtimoiy soliq summasi belgilangan miqdordan kam to‘langanda mehnat stajini to‘langan soliq miqdoriga mutanosib ravishda inobatga olish yoki to‘langan summani soliq to‘lovchiga qaytarishning huquqiy mexanizmlarini joriy etish ishlari yakuniga yetkazilmagan.
Yoshga doir pensiya tayinlash uchun yetarli mehnat stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarga (oz muddat yetmaganda, 6 oydan 1 yilgacha) o‘zini o‘zi band qilish orqali zarur mehnat stajini inobatga olish imkoniyatini yaratish masalasi o‘z yechimini topmagan. Demak, bu kabi muammolarni hal etish dolzarbligicha qolmoqda. Senatorlar ularni bartaraf etish bo‘yicha o‘z takliflarini berdilar.
Masala yuzasidan Senatning tegishli qarori qabul qilindi.
Shuningdek, senatorlar tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining qarorlari ham tasdiqlandi.
Yalpi majlisda jamiyat hayotining barcha sohalari huquqiy asoslarini mustahkamlashga va mamlakatda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar samaradorligini oshirishga, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan 16 ta masala, shu jumladan, 11 ta qonun ko‘rib chiqildi.
Shuning bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining beshinchi yalpi majlisi yakunlandi.
O‘zbekiston Respublikasi
Oliy Majlisi Senati
Axborot xizmati