Ellikqal’a tajribasi o‘rganildi

148

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi topshirig‘iga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi va Ellikqal’a tumani hokimligi hamkorligida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun media-tur tashkil etildi.

Prezidentimiz tomorqada va ijaraga berilgan ekin yerlarida daromadli mahsulot yetishtirishning yangi tizimi bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda tomorqa va dehqonchilik yerlarida yuqori daromadli va eksportbop ekinlar ekish, ularning hisobini yuritish va moliyalashtirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni ma’lum qildi.

Dehqon xo‘jaliklari va tomorqani rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, ularga berilayotgan imtiyozlar, ayniqsa, aholini o‘qitishdan tortib, urug‘, ko‘chat yetkazish, mahsulot yetishtirish, qayta ishlash va eksportga chiqarish zanjiri yaratilayotgani fuqarolar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Tadbir doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari Ellikqal’a tumanining bir qator mahallalarida bo‘lib, bu borada amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi

Ishtirokchilar dastlab “Cho‘pon” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida faoliyat olib borayotgan “Muslimbek paypoqlari” oilaviy korxona tomonidan amalga oshirilayotgan paypoq ishlab chiqarish loyihasi bilan tanishdi. 2023 yilda tashkil etilgan korxonada yiliga 100 ming dona mahsulot ishlab chiqariladi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi asosida “Agrobank” tomonidan 150 million so‘m kredit ajratilib, paypoq ishlab chiqarish uskunalari xarid qilindi. Korxonada uch nafar kishi doimiy ish bilan ta’minlangan bo‘lib, yil oxiriga qadar 120 million so‘m daromad olish rejalashtirilgan.

Tadbir ishtirokchilari Sayxunobod tajribasi asosida o‘z tomorqasidan samarali foydalanib, ko‘chatchilik va bog‘dorchilikni yo‘lga qo‘ygan Ismoil Nurimov xonadonida ham bo‘ldi. Tajribali dehqon tomonidan 2022 yildan buyon turli meva ko‘chatlari yetishtirib kelinmoqda. Shuning hisobidan har yili mo‘l daromadga ega bo‘lmoqda.

“Paxtachi” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi  Mirza Hadjibayev ham Sayxunobod tajribasi asosida ijaraga olingan yer maydonlaridan 20 sotix yerda issiqxona tashkil qildi. Oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish dasturi asosida “Xalq banki” tomonidan ajratilgan 33 million so‘m kredit evaziga tashkil etilgan mazkur issiqxonada yiliga 30 tonna bodring yetishtirib, 240 million so‘m daromad olinadi.

Ushbu mahalla fuqarolar yig‘ini hududida istiqomat qiluvchi Anvar Rozmetov ham Sayxunobod tajribasi asosida o‘z xonadonidagi issiqxonada limon yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi.  Yiliga 10 tonna limon mahsuloti yetishtirish evaziga 120 million so‘m daromad olishni maqsad qilmoqda. Bu yerda 5 nafar kishi doimiy ish bilan ta’minlangan.

Tadbir ishtirokchilari “Sarabiy” ovul fuqarolar yig‘ini hududidagi  “GRACEFUL MEBEL” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan mebel va temir eshik, darvoza ishlab chiqarish loyihasi, “ELLIKQAL’A OLTIN TOLASI KLASTERI” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan barpo etilayotgan tikuvchilik fabrikasi, “Bahodir chorvasi” naslchilik fermer xo‘jaligi, aholiga ibrat bo‘lib kelayotgan bir qator xonadonlarda bo‘lib, aholi bandligini ta’minlash, tomorqadan samarali foydalanish, qishloq joylarida ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish borasida Ellikqal’a tumani tajribasi bilan tanishdi.

Tadbir davomida jurnalistlar bu borada o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA