Hamkorlikda kurashish, albatta, natija beradi

167

Nukusda Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi bilan birgalikda korrupsiyaga qarshi kurashish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Qoraqalpog‘istondagi barcha sudyalar va tizim xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan anjumanda, Prezidentimizning shu yil 5 mart kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishida so‘zlagan nutqi va mazkur yig‘ilish tafsilotiga bag‘ishlangan ko‘rsatuv namoyish etildi. Shundan so‘ng, Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi raisi K.Tarixov va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi  raisi A.Nurlipesov mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha belgilab berilgan vazifalarning mazmun-mohiyati, maqsadi va jamiyatimizni rivojlantirishdagi ahamiyati haqida atroflicha fikr yuritdi.

Ta’kidlanganidek, huquqiy, demokratik davlat barpo etilayotgan mamlakatimizda bu illatga chek qo‘yish qonun ustuvorligi va barchaning tengligi, davlatning rivojlanganlik darajasini belgilab berishda muhim omil hisoblanadi. Bu jarayonda sudlarni chinakam “adolat qo‘rg‘oni”ga aylantirish va fuqarolarning huquq hamda erkinliklarini himoya qilishda sudyalar zimmasiga katta mas’uliyat yuklashi ta’kidlandi.

Bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan dunyodagi dolzarb muammolardan biri bo‘lgan korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish masalasiga, davlatimiz siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida alohida e’tibor qaratib kelinmoqda. Mamlakatimizda korrupsiyaga qarshi kurash sohasida izchil davlat siyosati olib borilmoqda. Buning asosiy yo‘nalishlaridan biri sud tizimida oshkoralik va adolatni ta’minlashdir.

Kun tartibidagi masala yuzasidan sudyalar va tizim xodimlari ham so‘zga chiqib, Prezident nutqidan kelib chiqadigan muhim vazifalar, ushbu illatga qarshi kurash bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha milliy kengash yig‘ilishidan keyin Oliy sud raisi B.Islomov ham mamlakatimizdagi barcha sudyalar korpusi va sud xodimlariga murojaat yo‘llagan edi. Tadbirda mazkur murojaat ham atroflicha o‘rganib chiqildi.

Murojaatdan kelib chiqib, sud tizimida korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha belgilab berilgan ustuvor vazifalar, ushbu jarayonda sudyalar va tizim xodimlarining o‘rni, illatga qarshi kurashishning dolzarb mexanizmlari yuzasidan fikr-mulohaza yuritildi. Unga qarshi kurashish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar belgilab olindi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri