Raqamlashtirish va telekommunikatsiya yo‘nalishida Yevropa davlatlari bilan hamkorlik kuchaytiriladi

228

Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov Yevropa Ittifoqining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha komissari Yozef Sikela bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Yozef Sikela O‘zbekistonning ko‘p jabhalarda erishayotgan, aholi turmushini sezilarli darajada yaxshilagan yutuqlari, jumladan, raqamli texnologiyalar sohasida amalga oshirilayotgan ishlarni yuqori baholadi.

Shuningdek, uchrashuvda O‘zbekistonning dengizga chiqish imkoniyatlari cheklangani bois vazirlik AKT sohasini faol rivojlantirayotgani, bu esa IT-xizmatlar eksporti ko‘rsatkichlarini jadal oshirishga xizmat qilayotgani aytib o‘tildi.

Vazir Sh.Shermatov Yevropa bozorining o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, Yevropa davlatlari bilan hamkorlikni kengaytirish muhimligini ta’kidladi.

Bundan tashqari, uchrashuvda telekommunikatsiya yo‘nalishida hamkorlik istiqbollari, jumladan, zamonaviy yo‘ldosh aloqasi tizimi yordamida olis hududlarni internet bilan ta’minlash bo‘yicha loyihani hamkorlikda amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Uchrashuv davomida raqamlashtirish va telekommunikatsiya yo‘nalishlarida raqamli aloqadorlikni kengaytirish, barqarorlikni rivojlantirish masalalariga alohida urg‘u berildi.

Shu bilan birga, “Markaziy Osiyoda raqamli aloqadorlikni rivojlantirish bo‘yicha Yevropa jamoasi tashabbusi” doirasidagi loyihalar bo‘yicha muhokamalar olib borildi.

Yakunda tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlik va yaqin kelajakda qo‘shma loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirilishiga umid bildirdilar.

N.Rahmonova,

O‘zA