Moddiy madaniy meros ob’ektlari muhofazada

266

Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi hamda prokurori tomonidan imzolangan “Moddiy madaniy meros ko‘chmas mulk ob’ektlarini aniqlash, hisobini yuritish, asrash, ilmiy tadqiq etish, ommalashtirish va ulardan oqilona foydalanish borasida qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilash yuzasidan” qo‘shma farmoyishni ijroga qaratish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurori o‘rinbosari Sh.Muxamatov, Vazirlar Kengashi raisi o‘rinbosari R.Zarekeyevlar so‘zga chiqib, qo‘shma farmoyishning mazmun-mohiyatiga hamda uni amalga oshirish yuzasidan vazifalarga to‘xtalishdi.

Ta’kidlanganidek, Qoraqalpog‘iston Respublikasi – Markaziy Osiyoning boy madaniyati va tarixiy merosiga ega bo‘lgan hududlardan biri hisoblanadi. Bu o‘lka asrlar davomida turli sivilizatsiyalar chorrahasi bo‘lib kelgan, qadimgi va o‘rta asr shaharlari, me’moriy yodgorliklar hamda milliy an’analar bilan boyitilgan. Shundan kelib chiqqan holda, hududlarda moddiy madaniy meros ob’ektlarini himoyasini samarali ta’minlash, hisobini aniq yuritish, aniqlash, hisobini yuritish, ilmiy tadqiq etish, ommalashtirish va ulardan oqilona foydalanish muhim o‘rin tutadi.

Yig‘ilishda soha mas’ullariga bu borada belgilangan vazifalarni muddatida, to‘liq va sifatli amalga oshirish yuzasidan tegishli ko‘rsatma hamda tavsiyalar berildi. Shuningdek, hududiy ishchi guruh a’zolariga qisqa muddatda o‘rganishlarni amalga oshirish va moddiy madaniy meros ob’ektlarining batafsil katalogini yaratish, o‘rganishlarda aniqlangan qonun buzilishi holatlarini darhol bartaraf etish kabi vazifalar yuklatildi.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA muxbiri