O‘FA rahbari milliy terma jamoa a’zolari bilan uchrashdi

239

Avval xabar berganimizdek, O‘zbekiston milliy terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatining uchinchi saralash bosqichi doirasida 20 mart kuni Qirg‘iziston, 25 mart kuni esa Eron terma jamoalariga qarshi navbatdagi o‘yinlarni o‘tkazadi.

Shu munosabat bilan, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi prezidenti Bahodir Qurbonov mas’uliyatli o‘yinlar oldidan milliy terma jamoa a’zolari bilan uchrashdi va ushbu bosqich ahamiyati, xalqimizning azaliy orzusi bo‘lmish Jahon chempionati yo‘llanmasini qo‘lga kiritish orqali muxlislarni xursand qilish muhimligi haqida to‘xtaldi.

Ushbu uchrashuvlar oldidan terma jamoamiz Bosh murabbiyi Timur Kapadzening rejalari tinglandi. Shuningdek, futbolchilar bilan suhbatda ijobiy natijalarga erishish uchun O‘FA tomonidan barcha zarur sharoitlar taqdim etilishi ma’lum qilindi. O‘z o‘rnida jamoamizning bir qator yetakchi futbolchilari o‘z fikrlarini bildirib o‘tishdi. Tibbiy shtab va jamoaga aloqador barcha mutaxassislarga tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston milliy terma jamoasi saralash bosqichining “A” guruhida 13 ochko bilan ikkinchi o‘rinni band etib turibdi. Eron esa 16 ochko bilan peshqadamlik qilayotgan bo‘lsa, BAA 10, Qatar 7 ochko jamg‘arib, keyingi o‘rinlarda bormoqda. Qirg‘iziston va KXDR termalari 3 va 2 ochko to‘plagan holda guruhning quyi o‘rnidan joy olgan holda ishtirokini davom ettirmoqda.

Saralash bahslarining 7-turida O‘zbekiston va Qirg‘iziston terma jamoalari o‘rtasidagi o‘yin 20 mart kuni “Bunyodkor” stadionida bo‘lib o‘tadi. Bahs Toshkent vaqti bilan 21:00 da start oladi.

Ushbu o‘yinni yaponiyalik Yasuke Araki boshchiligidagi hakamlar brigadasi boshqarib boradi. Shuni ta’kidlab o‘tishimiz lozimki, Yasuke Araki boshqargan o‘yinlarda O‘zbekiston milliy terma jamoasi bittadan g‘alaba va durang qayd etgan.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA