Boks Olimpiada dasturiga kiritilishi mumkin
Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi Ijroiya qo‘mitasi boksni 2028 yilgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritish taklifini ilgari surdi, deya xabar berdi “Sky Sport” nashri.
Bu haqdagi yakuniy qaror shu hafta Gretsiyaning Kosta-Navarino shahrida bo‘lib o‘tadigan 144-sessiyada qabul qilinadi. 2022 yil fevralda tasdiqlangan Olimpiya sport turlari ro‘yxatiga boks kiritilmagan edi. Bunga Xalqaro boks assotsiatsiyasi (IBA) ichki muammolari sabab bo‘lgan.
2023 yil iyunda XOQ IBAni rasman tan olishdan bosh tortdi. Bu 2028 yilgi Olimpiada tartibiga ta’sir ko‘rsatdi.
Parij Olimpiadasida boks musobaqalari maxsus ishchi guruh nazorati ostida o‘tkazildi. Ushbu qaror sportchilarning turnirda qatnashish imkoniyatini ta’minladi.
XOQ avvalroq boks dasturda qolishi uchun yangi xalqaro federatsiya tuzilishi zarurligini ta’kidlagandi. Fevral oyida Ijroiya qo‘mita “World Boxing” tashkilotini vaqtincha tan oldi. Hozir bu tuzilma 84 milliy federatsiyani birlashtirgan.