Kompleks musobaqalarda munosib ishtirok etish masalalari muhokama qilindi

Xabaringiz bor joriy yil Ozarbayjonda III MDH o‘yinlari hamda Bahraynda III yoshlar Osiyo o‘yinlari bo‘lib o‘tadi. Mazkur musobaqada O‘zbekiston delegatsiyasi ham sovrinli o‘rinlar uchun asosiy da’vogar hisoblanadi.
O‘zbekiston sport vaziri Adham Ikromov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ushbu kompleks musobaqalarga tayyorgarlik bo‘yicha taqdimot hamda ommaviy sport tadbirlarini tashkil etish masalalari ko‘rib chiqildi.
Dastlab 2025 yil kutib turgan kompleks musobaqalar, tashkiliy qo‘mita talablariga ko‘ra ularda ishtirok etish bo‘yicha yosh chegaralari, o‘yinlarga kiritilgan sport turlari kabi umumiy ma’lumotlar berib o‘tildi.

Taqdimot davomida sportchilarimizning manzilga kerakli muddatlarda yetib borishlarini ta’minlash, delegatsiya a’zolari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish kabi yo‘nalishlar bo‘yicha tavsiyalar berildi. Shuningdek, kompleks musobaqalarga yoshlar terma jamoasi a’zolarini ham keng jalb qilish, bu orqali ularning mahorati va xalqaro tajribasini oshirish muhimligi borasida fikrlar bildirildi.

Shundan so‘ng, joriy yilda tashkil etiladigan ommaviy sport tadbirlari ko‘rib chiqildi. Sport vaziri «Besh tashabbus olimpiadasi», «Jismoniy tayyorgarlik darajasi» sport sinovlari hamda boshqa ommaviy sport musobaqalari o‘tkazilish muddatini taqvim bo‘yicha aniq belgilab berib, bu borada amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan mas’ullarga tegishli ko‘rsatma va vazifalar berdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA