Xalqaro olimpiya harakati yangi davr ostonasida

Gretsiyada XOQning 144-sessiyasi boshlandi. Xalqaro olimpiya qo‘mitasining yangi prezidenti mazkur yig‘ilish davomida e’lon qilinadi.
Bugun, 18 martdan e’tiboran Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ijroiya qo‘mitasi a’zolari Gretsiyada tashkil etiladigan XOQning tarixiy 144-sessiyasida ishtirok etish uchun jam bo‘ldi.
Aytish lozim, joriy yilning 18-21 mart kunlari o‘tadigan XOQning 144-sessiyasi dunyo sport jamoatchiligi e’tibor markazidagi tadbir bo‘lib, unda qabul qilinadigan qarorlar Olimpiya harakatining xalqaro maydondagi keyingi faoliyatida tub burilish davrini boshlab berish bilan ahamiyatli sanaladi.

Sessiyada ko‘riladigan asosiy masalalardan biri Xalqaro olimpiya qo‘mitasining yangi prezidentini saylash tadbiri hisoblanadi.
Hozirda Xalqaro olimpiya qo‘mitasining amaldagi rahbari Tomas Baxning o‘rniga da’vogarlar – 7 nafar. Ular yaponiyalik Xalqaro gimnastika federatsiyasi prezidenti Morinari Vatanabe, XOQ vitse-prezidenti, ispaniyalik kichik Xuan Antonio Samaranch, Buyuk Britaniyadan Butunjahon yengil atletika federatsiyasi prezidenti Sebastyan Koye, fransiyalik Xalqaro velosipedchilar ittifoqi rahbari Devid Lappartiyent, Shvetsiya-Britaniya vakili hisoblangan Xalqaro chang‘i federatsiyasi yetakchisi Yoxan Elias, Zimbabve sport vaziri, suzish sport turida Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Kirsti Koventri va Iordaniya shahzodasi Faysal al-Husayn.
O‘tgan yilning so‘nggi oyida da’vogarlar tegishli hujjatlarni, ish reja, maqsadlar jamlanmasi, kelgusi strategik yo‘nalishlarga oid materiallarni Xalqaro olimpiya qo‘mitasining tegishli komissiyasiga taqdim etgandi.
Har bir nomzod yangi va innovatsion takliflari bilan Olimpiya o‘yinlari kelajagi uchun boshqalardan ajralib turishga intilmoqda.
Albatta, ularning har biri o‘z yo‘nalishining yetakchisi, bilimdoni ekani nazarda tutilsa, barchasi voris bo‘lishga loyiqdek, nazarimizda. Ammo Xalqaro olimpiya qo‘mitasi tashkil topgandan beri uni boshqarganlar ro‘yxatiga nazar tashlansa, o‘tgan 130 yillik davrdan beri XOQ rahbarligini egallab kelgan 9 nafar prezidentning 8 nafari yevropalik, 1 nafari AQSH vakili bo‘lgan.

“Los-Anjeles-2028” Olimpiadasi ostonasida o‘tayotgan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi 144-sessiyasida prezidentlikka da’vogarlarning 4 nafari Yevropa, 2 nafari Osiyo, 1 nafari Afrika qit’asi vakili hisoblanadi. Ular orasidagi yagona ayol hamda eng yosh nomzod – Zimbabve sport vaziri, suzish sport turida Olimpiya o‘yinlari ishtirokchisi Kirsti Koventri. U 1983 yilda tug‘ilgan.
Xo‘sh, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidentligi vazifasini egallashga nomzodlarning qay biri ko‘proq munosib?
Shu kunlarda sport jamoatchiligi tomonidan har bir nomzodning taklif va rejalari keng muhokama qilinmoqda. Ular to‘g‘risida turfa ijobiy va salbiy fikrlar bildirilmoqda.
Shunday nomzodlardan biri yaponiyalik Morinari Vatanabe yozgi Olimpiya o‘yinlarining yangi formatini taklif etayotgani bilan boshqalardan ajralib turibdi.
Uning taklifiga ko‘ra, yozgi Olimpiya o‘yinlari bir vaqtning o‘zida dunyo bo‘ylab besh qit’ada o‘tkazilishi lozim.
O‘tgan yili Xalqaro gimnastika federatsiyasining 85-kongressida uchinchi muddatga prezidentlikka saylangan 65 yoshli Morinari Vatanabe to‘rt yillik o‘yinlarning hozirgi modeli eskirgani, bunday eskilik holatidan voz kechish payti kelganini ta’kidlab o‘tgan.
Uning fikriga ko‘ra, texnologik taraqqiyot va yuksalish jarayonida kommunikatsiya vositalaridan keng foydalanish insoniyatga katta zavq bag‘ishlaydi. Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlarining kelajagini ta’minlashda insoniyat oldida turgan iqtisodiy va ekologik muammolar butun dunyo bo‘ylab shiddat bilan tarqalayotgan tezkor zamonning talabi shu. Kelajakda Olimpiya o‘yinlarini besh qit’ada, beshta shaharda, bir vaqtning o‘zida o‘tishi Olimpiya harakatining yangi davrini boshlab beradi. Qolaversa, o‘yinlar translyatsiyasi 24 soat davom etishi, besh qit’a bitta tomoshada birlashtirilishi, hayajon butun dunyo bo‘ylab taqsimlanishi, bu esa mezbon shaharlar uchun iqtisodiy xarajatlarni kamaytirishga, ekologik chiqindilarning oldini olishga yordam berishini bildirgan.
Dunyoda global o‘zgarishlar ro‘y berayotgan, iqtisodiy, ijtimoiy, ekologik taranglik kuzatilayotgan, geosiyosiy evrilishlar jarayonida Vatanabe taklifi Olimpiya harakatida inqilobiy o‘zgarishni ta’minlay olarmikan?
Bunday qaltis, ta’bir joiz bo‘lsa, nozik “sinov qilko‘prigidan o‘tish”ga boshqalar ko‘narmikan?
Agar, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi ijroiya qo‘mitasi a’zolari “revolyutsioner” Morinari Vatanabe tashabbusini qo‘llab uni Tomas Baxdan qolayotgan “XOQ taxtiga” munosib ko‘rsa bormi, u Xalqaro olimpiya qo‘mitasining birinchi osiyolik rahbari bo‘lishidan tashqari, eng muhimi, 1894 yil tashkil etilganidan beri o‘z “o‘zanida oqib kelayotgan olimpiada daryosi” katta vulqondek dunyoga toshib ketishi ham ehtimoldan yiroq emas.
Lekin bunday global o‘zgarishga Olimpiya o‘yinlarini “o‘z dastagi”ga aylantirib olishga intilayotganlar rozi bo‘larmikan?
Ayni masalalarga Gretsiyada boshlangan Xalqaro olimpiya qo‘mitasining 144-sessiyasi jarayonida javob olamiz.
Shu o‘rinda aytish lozim, kunchiqar yurt vakilidan tashqari XOQ vitse-prezidenti, kichik Xuan Antonio Samaranch, Butunjahon yengil atletika federatsiyasi prezidenti Sebastyan Koye, Xalqaro velosipedchilar ittifoqi rahbari Devid Lappartiyent va boshqalar ham “qo‘l qovushtirib” o‘tirgani yo‘q, Ular ham Olimpiya o‘yinlari, Olimpiya harakatining sofligini har qanday xurujlardan “saqlab qolish” yo‘lida o‘z takliflarini ilgari surmoqda.
Xo‘sh, nomzodlarning qay biri Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti bo‘lishi O‘zbekiston olimpiya harakati uchun ijobiy ko‘rinish olishi mumkin? Bir paytlar xalqaro darajadagi tashkilotlarga kimning rahbarlikka kelishi yurtimiz hayotiga qay yo‘sinda ta’sir ko‘rsatishiga xavotir bilan munosabatda bo‘lardik, rosti. Bugun e’tirof va iftixor bilan aytish joizki, mamlakatimizda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan yuritilayotgan ochiqlik siyosati sababli bunday hadiklar olis o‘tgan yillar qatida qolib ketdi. O‘zbekiston olimpiya harakati uchun 7 nafar nomzodning qay biri Tomas Baxning o‘rnini egallashi u qadar ahamiyatli emas. Asosiysi, jahon hamjamiyatida olimpizm g‘oyalari barhayot bo‘lsa bas.
Eslatib o‘tamiz, nomzodlarga ovoz berish jarayoni Xalqaro olimpiya ijroiya qo‘mitasi a’zolari tomonidan yashirin ovoz berish orqali o‘tkaziladi. Saylovlar XOQ prezidentligiga da’vogarlarning ko‘pligi sababli bir necha turdan iborat bo‘lishi ehtimoldan yiroq emas. Yakuniy natijalar 20 mart kuni e’lon qilinadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA