Boks: Jahon chempionatida Vatan sha’nini ulug‘laganlar tantanali kutib olindi

219

Bugun, 18 mart kuni Serbiyaning Nish shahrida boks bo‘yicha ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida 1 ta kumush va 3 bronza medalini qo‘lga kiritib, vatanimiz sport shuhratini ulug‘lagan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari Toshkent xalqaro aeroportida tantanali kutib olindi.

Kutib olish marosimida ishtirok etgan Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, O‘zbekiston boks federatsiyasi va tegishli tashkilotlarning vakillari tarixiy g‘alaba bilan bokschi-qizlarimizni, ularning murabbiylarini qutlashdi.

Ta’kidlash lozim, mamlakatimizda erkaklar boksi singari ayollar boksida ham katta yuksalish sari qadam tashlandi. Marosimda aytilganidek, Serbiyada o‘tgan jahon chempionati kutilgan va kutilmagan vaziyatlarga boy bo‘ldi.

E’tiborli jihati, yurtimiz bokschi-qizlari Olimpiada o‘yinlarining g‘olib va sovrindorlari bilan teng kurashlarda ishtirok etib, sovrindorlar qatoridan o‘rin egalladi.

Jahon chempionati sarhisobiga ko‘ra, medallar jamg‘arish borasida 50 ta davlatdan 14 ta mamlakat vakillari u yoki bu toifadagi sovrinni qo‘lga kiritdi. Rossiya (4-1-2), Qozog‘iston (3-2-1), Turkiya (1-3-2) yetakchi o‘rinlardan joy oldi.

O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari tarixda ilk bor ayollar boksida 1 ta kumush, 3 ta bronza medaliga egalik qilib, o‘zbek bokschi qizlarini katta g‘alabalar sari ilhomlantirdi.

Kutib olish marosimida ushbu g‘alabalar “Los-Anjeles-2028” Olimpiadasi sari tashlangan muhim qadam bo‘lgani e’tirof etildi

T.Ro‘ziyev,

O‘zA