
Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi vakillari Xo‘jayli va Taxiatosh tumanlaridagi oilaviy bolalar uyida tarbiyalanayotgan bolalarning sharoitlarini o‘rgandi.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 25 oktyabrdagi “Yetim bolalar va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, turar-joylar bilan ta’minlash, ularni oilaviy bolalar uylariga joylashtirish, hayotga tayyorlash uchun qulay shart-sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Chunki yetim va ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni himoya qilish barchamizning burchimizdir. Ularning kelajagini yaxshilash, ularni ta’lim va tarbiya bilan qamrab olish – bu bizning jamiyat sifatidagi mas’uliyatimiz.

Tashrif davomida oilaviy bolalar uylarining ahvoli, bolalarga yaratilgan shart-sharoitlar o‘rganilib, aniqlangan muammolarni ijobiy hal qilish bo‘yicha mutasaddi organlar rahbarlariga tegishli ko‘rsatmalar berildi. Shuningdek, bolalarning ma’naviy-ma’rifiy salohiyatini shakllantirish maqsadida kitoblar jamlanmasi hamda sovg‘alar topshirildi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri