
O‘zbekiston o‘q otish sporti federatsiyasining navbatdan tashqari konferensiyasida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash, “Los-Anjeles-2028” yozgi Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanmalar olish ustuvor vazifalardan biri ekani ta’kidlandi.
Konferensiya davomida federatsiya rahbariyati tarkibi qayta shakllantirilishi masalasi ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston o‘q otish federatsiyasi mutaxassislari va delegatlarning taklifi va ovoz berishi asosida Ramiz Yenaliyev, Akbar Karimov hamda Husan Botirov federatsiya raisi o‘rinbosari lavozimiga saylandi.

Konferensiyada federatsiyaning nazorat-taftish hay’ati, hududiy bo‘limlar rahbarlari va ijroiya qo‘mita a’zolari tasdiqlandi.
Ma’lumki, 2024 yilning 4 noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘q otish sport turlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilingan edi. Mazkur qaror mamlakatimizda ushbu sport taraqqiyotini yangi bosqichga olib chiqish, iqtidorli sportchilarni tayyorlash, murabbiy va hakamlar malakasini oshirish, moddiy-texnik bazasini mustahkamlash kabi ustuvor yo‘nalishlarda dasturilamal bo‘lib xizmat qilayotgani ishtirokchilar tomonidan ta’kidlandi.

Muhokamalar chog‘ida bo‘lajak Osiyo va Olimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik rejasi tahlil etilib, bu borada amalga oshiriladigan vazifalar belgilab olindi.
Yig‘ilish yakunida har tomonlama iqtidorli sportchilarni saralash, o‘q otish sporti rivojining moddiy-texnik bazasini xalqaro talablar darajasiga keltirish yuzasidan Mudofaa vazirligi va Sport vazirligi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA