Uloq-ko‘pari: Xalqaro turnirga tayyorgarlik masalalari muhokama qilindi
Bahorning eshik qoqib kelishi, Navro‘z shodiyonalari bilan hamohangki, ushbu ulug‘ faslning ruhi va falsafasi kishida yaratuvchanlik, butun borliqni, tabiatni e’zozlash, ona zaminni asrab-avaylash hislarini qalbga jo etadi.
Davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorida belgilanganidek, bu munavvar ayyom Vatanimizda amalga oshirilayotgan «Inson qadri uchun, inson baxti uchun», degan oliyjanob g‘oyaga hamohang bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi.

Bu yilgi bahor va yasharish ayyomi mamlakatimizda «Qadriyatlaring boqiy bo‘lsin, Navro‘z!» degan bosh g‘oya asosida umumxalq sayillari shaklida yuqori saviyada keng nishonlanishi nazarda tutilgan.
Shu maqsadda, joriy yilning 24-26 mart kunlari gullar maskani sanalgan Namangan viloyatida ot sportining uloq ko‘pkari yo‘nalishida xalqaro turnir o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda.

Sport vazirligida Milliy gvardiya qo‘mondonligi, O‘zbekiston uloq-ko‘pkari federatsiyasi, tegishli tashkilot va vazirlik mutasaddilari, Namangan viloyat hokimligi vakillari ishtirokida mazkur xalqaro turnirni yuqori saviyada o‘tkazish bo‘yicha tashkiliy qo‘mita yig‘ilishi o‘tkazildi.
Unda har bir yo‘nalishga mas’ul bo‘lgan tashkilot va vazirlik mutaxassislarining hisoboti tinglandi.

Ta’kidlanganidek, Navro‘z umumxalq bayramiga bag‘ishlangan xalqaro turnirda Rossiya, Vengriya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston davlatlaridan uloq-ko‘pkari jamoalari ishtirok etishi kutilmoqda.
Yig‘ilish davomida ishtirokchi davlatlarning sport delegatsiyalarini kutib olish, joylashtirish, ularning xavfsizligi va salomatligini ta’minlash, musobaqa o‘tadigan maydonlarning texnik talablarini yana bir bor ko‘zdan kechirish kabi qator masalalar muhokama qilindi.
Bildirilgan fikr-mulohazalar va takliflar asosida tegishli tashkilot vakillariga aniq vazifalar yuklandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA