Durov sud qarori bilan Fransiyani tark etdi

198

“Telegram” asoschisi Pavel Durov o‘ziga nisbatan qo‘zg‘atilgan tergov bo‘yicha sud nazorati ostida yashayotgan Fransiyani tark etib, Dubayga yo‘l oldi, deb xabar bergan “Trend” axborot agentligi.

Ta’kidlanishicha, ushbu qaror mamlakat sud organlari tomonidan ma’qullangan.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yil 24 avgust kuni Durov Parijning Le-Burje aeroportida qo‘lga olingan. 28 avgust kechqurun dastlabki hibsda ushlash muddati tugab, tadbirkor sudga yuborildi. Tergovchi Durovni olti xil modda, jumladan jinoiy guruh tarkibida noqonuniy amaliyotga yo‘l qo‘yish maqsadida onlayn platforma ma’muriyatida ishtirok etishda aybladi. Bunday huquqbuzarlik Parij prokuraturasi bayonotiga ko‘ra, 10 yilgacha qamoq va 500 ming yevro jarima bilan jazolanishi mumkin. Sud’ya qarori bilan ayblanuvchi 5 million yevro garov to‘lash majburiyati bilan sud nazoratiga o‘tkazilgan edi.