Putin Ukrainani taslim bo‘lishga chaqirdi

159

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kursk viloyatidagi Ukraina qo‘shinlarini qurollarni topshirishga undadi, deb yozdi CNN.

Juma kuni Xavfsizlik kengashi a’zolari bilan kechgan uchrashuvda u mintaqadagi Ukraina qo‘shinlarini tinch aholiga qarshi jinoyat sodir etishda aybladi. Shu bilan birga AQSH Prezidenti Donald Trampning tashvishi o‘rinli ekani ham aytib, taslim bo‘lgan askarlar hayoti kafolatlanishini ta’kidladi.

Shuningdek, RF yetakchisi hukumat “Amerikaning oldingi ma’muriyati tomonidan vayron qilingan” munosabatni tiklash ustida ish olib borilayotganini bildirdi.

– Umuman, vaziyat o‘zgara boshladi, – dedi u Tramp bilan munosabat haqida. – Keling, bundan nima chiqishini jim kuzataylik.

Putinning mazkur bayonoti payshanba kuni Moskvada AQSH maxsus elchisi Stiv Vitkoff bilan uchrashgandan so‘ng yangradi. Davlat kotibi Marko Rubio aytishicha, bu tashrif “ehtiyotkorlik bilan o‘zaro ishonch sari qo‘yilgan qadamdir”. Avvalroq Tramp ham munozara “yaxshi va samarali” o‘tganini qayd qilgan va “dahshatli, qonli urush, nihoyat, yakunlanishi uchun juda yaxshi imkoniyat bor”, deya qo‘shimcha qilgandi.

Tramp Putindan Kurskdagi ukrainalik askarlar hayotini saqlab qolishni “qattiq talab qilgani”ni ham ta’kidladi.

– Prezident Trampning ushbu harbiy xizmatchilarga nisbatan insonparvarlik nuqtai nazaridan qarashga chaqirganini tushunamiz,– dedi Putin. – Shu munosabat bilan ta’kidlashni istardimki, agar qurollarini tashlab, taslim bo‘lishsa, ularga xalqaro huquq va Rossiya Federatsiyasi qonunlariga muvofiq, o‘rinli munosabat kafolatlanadi. Ukraina armiyasi birinchi navbatda Kurskdagi qo‘shinga taslim bo‘lish buyrug‘iri berishi kerak.

Musulmon Ziyo, O‘zA