Imkoniyatlar kengaymoqda

Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi mas’ul xodimlari tomonidan hududda faoliyat yuritayotgan maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi hisoblanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Ishtirokchilarga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 6 martdagi “Maxsus iqtisodiy va sanoat zonalari faoliyatining samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyati targ‘ib qilindi.

Xususan, 2025 yil 1 iyundan boshlab maxsus iqtisodiy zonalar ishtirokchilari tomonidan mahsulotlarni ishlab chiqarish va eksportga realizatsiya qilish uchun foydalanadigan import xomashyo, material va butlovchi qismlarni bojxona to‘lovlarini (bojxona rasmiylashtiruvi uchun yig‘imlar bundan mustasno) to‘lamagan holda “tovarlarni bojxona hududida qayta ishlash” bojxona rejimiga joylashtirish orqali ularni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi bo‘yicha tushunchalar berildi.

Ma’lumot uchun, bugungi kunda hududda 11 ta korxona maxsus iqtisodiy zona ishtirokchisi hisoblanib, ular tomonidan qiymati 225,5 million AQSH dollariga teng loyihalar amalga oshirilmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri