Yosh iste’dodlar maskani

152

FOTOREPORTAJ

Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi “Barkamol avlod” bolalar maktabida 90 ta to‘garak mavjud bo‘lib, shundan 61 tasi umumta’lim maktablarida tashkil etilgan tarmoq to‘garaklaridir.

Raqs, tasviriy san’at, robototexnika, konstruktorlik, aviamodel, kompyuter dizayni va grafikasi, shaxmat-shashka, yosh pazanda, bichish-tikish, zargarlik, to‘qish, yumshoq o‘yinchoqlar, munchoqli bezak, yosh ekolog kabi yo‘nalishlardagi to‘garaklarda 3 ming 200 dan ziyod o‘quvchi mahorat oshirmoqda.

To‘garak a’zolari respublika va xalqaro tanlovlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Jumladan, 2024 yil aprel oyida Ozarbayjon Respublikasi Fan va ta’lim vazirligi tomonidan bolalar va yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan III xalqaro “Gavalodosh” onlayn festival-tanlovida “Yosh doirachilar” to‘garagi a’zolari 1-darajali diplom bilan taqdirlandi. Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan “Baykonur kubogi – 2024” ochiq xalqaro raketa-model musobaqasida maktabning “Raketa-model” to‘garagi, 2024 yil avgust oyida Qoraqalpog‘iston Respublikasida o‘tkazilgan “Ajdodlar merosi” ko‘rik-tanlovida Charosxon Komiljonova kulolchilik yo‘nalishida, 2024 yil aprel oyida O‘zbekiston Respublikasi “Barkamol avlod” bolalar maktabi tomonidan o‘tkazilgan “Barkamol avlod bolalari” festivalida Mashhura Rahimberdiyeva “Liboslar dizayni” yo‘nalishida birinchi o‘rinni egalladi.

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA