Hunar – inson ziynati

223

FOTOREPORTAJ

“Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni va “Shuhrat” medali sohibasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Shumanay tumanidagi “Munchoqli” mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi gilamdo‘z Oltinoy Navbetovaning hunarmandchilik buyumlari nafaqat yurtimizda, balki qo‘shni davlatlar bilan birga Yaponiya, Buyuk Britaniya, Avstraliya, Janubiy Koreya davlatlarida ham ma’lum.

Shogirdlari bilan tuya va qo‘y junini qayta ishlash orqali tayyorlagan turli kiyim-kechaklarga, milliy gilamlarga, bejirim va pishiq poyabzallarga xaridor ko‘p. Shuningdek, u o‘tgan yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan e’lon qilingan tanlovda “Hunarmandning qo‘li oltin” nomli loyihasi bilan ishtirok etib, 100 million so‘m grant yutib oldi. Ushbu loyiha asosida kooperatsiya tashkil etib, ayni paytda ishsiz xotin-qizlar bandligini ta’minlashga erishdi.

– Hunar – inson ziynati, – deydi Oltinoy Navbetova. – Mana, hunarim orqali qizlarim, nabiralarim bilan birga oilamizga qo‘shimcha daromad topyapmiz. Milliy hunarmandchiligimiz unutilib ketmasligi uchun shu kungacha yuzdan ortiq shogirdlar tayyorladim. Hozirgi vaqtda shogirdlarimning ko‘pchiligi o‘zini o‘zi band qilib, faoliyat yuritmoqda. Ekologik toza mahsulotlar bo‘lgan tuya va qo‘y junidan tayyorlangan buyumlarga mahalliy aholi bilan birga xorijdan keladigan sayyohlarning ham qiziqishi yuqori.

Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA