Eldor Shomurodov “Roma” uchun borini berdi

227

Futbol bo‘yicha Yevropa ligasining nimchorak final bosqichi javob bahslari bo‘lib o‘tdi.

“Atletik Bilbao“ – “Roma“ klublari o‘rtasidagi o‘yin biz uchun eng ahamiyatlisi bo‘ldi. Garchi “Roma” ilk o‘yinda “Atletik”ni 2:1 hisobida mag‘lub etgan bo‘lsa-da, javob o‘yinida muvaffaqiyatsizlikka uchradi.

O‘yinning 11-daqiqasida “Roma” himoyachisi Mats Hummels qizil kartochka olib, maydonni tark etdi. Shundan keyin Niko Uilyams dublni rasmiylashtirgan bo‘lsa, Yuri Berchiche o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ydi. 90+3-daqiqada Paredes penaltidan hisobni qisqartirdi.

Bahsda Eldor Shomurodov 61-daqiqada zaxiradan o‘yinga qo‘shildi. Maydonga tushishi bilan “Atletik” darvozasiga xavf soldi. Eldorning zarbasini raqib posboni qaytarib qoldi. Jamoani jonlantirishga urinsa-da, biroq uning harakatlari ham vaziyatni o‘nglashga kamlik qildi.

“Roma” faoliyatini yoritib kelayotgan laroma24.it sayti bu to‘qnashuvda Eldor Shomurodov harakatlarini 6 ballga baholadi.

Shu tariqa “Atletik” ikki o‘yin natijasiga ko‘ra 4:3 hisobidagi g‘alaba bilan chorak finalga yo‘l oldi.

Yevropa ligasining 1/4 final bosqichida “Budyo-Glimt” (Norvegiya) — “Latsio” (Italiya), “Tottenxem” (Angliya) — “Ayntraxt” (Germaniya), “Reyndjers” (Shotlandiya) — “Atletik ”(Ispaniya) va “Lion” (Fransiya) — “Manchester Yunayted” (Angliya) klublari o‘rtasidagi o‘yinlarga guvoh bo‘lamiz.

Javohir Toshxo‘jayev,

O‘zA