Superliga: Bugun 2-tur uchrashuvlari start oladi
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston Superligasining ikkinchi davra bahslari bugun, 14 mart kuni start oladi. Ushbu turning ilk kunida “Neftchi” – “Qo‘qon-1912”, “Buxoro” – “Qizilqum” jamoalari o‘zaro raqobatlashadi.
Shu o‘rinda 2-turdan o‘rin olgan “vodiy derbisi” maqomini olgan “Neftchi” va “Qo‘qon-1912” klublari o‘rtasidagi o‘yinga oid ayrim ma’lumotlarni e’tiboringizga havola etamiz.

Ushbu jamoalar shu kunga qadar milliy chempionatimiz doirasida jami 30 marta o‘zaro kuch sinashgan. Uchrashuvlarning 20 tasida farg‘onaliklar g‘alaba qozongan bo‘lsa, 4 o‘yinda durang natija qayd etilgan. Qo‘qon shahri jamoasi esa 6 ta bahsda zafar quchgan. Umumiy to‘plar nisbati 73/39 “Neftchi” foydasiga.

O‘tgan o‘yinlarda “Neftchi” jamoasining eng yirik g‘alabasi 6:1 bo‘lsa, qo‘qonliklar 3:1 hisobida g‘olib bo‘lgan. Jamoalar so‘nggi bor 2022 yilda o‘zaro to‘qnash kelgan.
Bugun “Istiqlol” stadionida uchrashuvni Ilgiz Tantashev bosh hakam sifatida boshqaradi. Unga qanotlarda Timur Gaynullin va Avaz Abdullayev yordam bersa, zaxira hakami sifatida Alisher To‘xtasinov faoliyat olib boradi. Bahs mahalliy vaqt bilan soat 19:30 da boshlanadi.

Milliy chempionatimizda ertaga, 15 mart kuni “Sho‘rtan” – “Bunyodkor”, “Dinamo” – “Mash’al”, “Andijon” – “Nasaf”, 16 mart kuni esa “So‘g‘diyona” – “Navbahor”, “Surxon” – “Xorazm” va OKMK – “Paxtakor” jamoalari raqobatiga guvoh bo‘lamiz.
Ma’lumot o‘rnida: Superliganing birinchi tur yakunlariga ko‘ra, OKMK, “Nasaf“, “Qizilqum“ va “Xorazm“ mavsumni g‘alaba bilan boshladi va 3 ochkoga ega bo‘ldi. “Qo‘qon 1912”, “Andijon“, “Bunyodkor“, “Neftchi“, “Navbahor“ va “Dinamo“ jamoalari esa o‘z hisobiga bir ochkoni yozib qo‘ygan bo‘lsa, “Buxoro“, “Surxon“, “So‘g‘diyona“ hamda “Sho‘rtan“ klublari mag‘lubiyatdan so‘ng liganing quyi pog‘onalariga joylashdi.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA