Kurash: Qit’a chempionatining ramzi tasdiqlandi
Osiyo kurash konfederatsiyasi joriy yilning 30 iyul – 5 avgust kunlari Janubiy Koreyada milliy sportimiz kurash bo‘yicha o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan qit’a chempionatining ramzini e’lon qildi.
Unga ko‘ra, musobaqa ramzi Janubiy Koreyaning madaniy-ma’rifiy an’analarini, kurashning boqiy qadriyatlarini ifoda etgan.
Mazkur qit’a chempionati doirasida Osiyo kurash konfederatsiyasi ijroiya qo‘mitasi yig‘ilishi, kongressi, kurash hakamlari va murabbiylari uchun nazariy va amaliy seminar mashg‘ulotlari tashkil etilishi belgilangan.
Ayni kunlarda Osiyo mamlakatlarining bir qator terma jamoalari singari kurash bo‘yicha O‘zbekiston o‘smirlar, yoshlar va kattalar terma jamoalari yilning eng muhim musobaqasi bo‘lgan qit’a chempionatiga hozirlik ko‘rmoqda.
Birinchi marta o‘smirlar, yoshlar va kattalar o‘rtasidagi qit’a chempionatining bir joyda, bir vaqtda tashkil etilishi milliy sportimizning Osiyodagi mavqeini yanada yuksaltirishga, uning ommaviyligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyatli.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA