YeIga a’zo bo‘lish Turkiyaning strategik maqsadi

202

Yevropa Ittifoqiga to‘laqonli a’zolik Anqara uchun strategik maqsad bo‘lib qolmoqda, dedi Prezident Rejep Tayyip Erdog‘an. Avvalroq u Ukrainadagi vaziyat asnosida YeI so‘nggi payt xavfsizlikka oid jiddiy muammoga duch kelganini ta’kidlagandi.

– Bugun Polshaning Kengashdagi raisligi doirasida Turkiya va YeI munosabati, shuningdek boshqa dolzarb mintaqaviy va global masalalarni muhokama qildik, – dedi Turkiya rahbari Polsha Bosh vaziri Donald Tusk bilan muzokara yakuni bo‘yicha o‘tkazilgan matbuot anjumanida. – Har gal Ittifoqqa to‘laqonli a’zolik strategik maqsadimiz ekanini ta’kidlab kelamiz. Suhbatdoshlarimiz bilan o‘zaro manfaat va hurmat asosida hamkorlikni rivojlantirish istagimizni ko‘p muhokama qilamiz. YeI o‘z qudrati va yuksak mavqeini saqlab qolishga faqat Turkiyaning to‘la huquqli a’zoligi orqali erishishi mumkin.

Biz YeI bilan viza rejimini soddalashtirish yuzasidan 66 mezon bo‘yicha ishni yakunladik, yana  6 band qoldi, degandi ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri Hoqon Fidan avvalroq. Uning so‘zlariga ko‘ra, vizani liberallashtirishga hali erishilgani yo‘q, Anqara turk fuqarolari Shengen vizasini olish jarayonida duch kelayotgan to‘siqlarni bartaraf etish bo‘yicha ishni davom ettirmoqda.

Turkiya 1963 yil Yevropa Ittifoqi – o‘sha paytdagi Yevropa Iqtisodiy hamjamiyati bilan assotsiatsiya shartnomasini imzolagan, 1987 yil a’zolik uchun ariza bergan. Tegishli muzokara esa faqat 2005 yilga kelibgina boshlangan va kelishmovchilik tufayli bir necha bor to‘xtatilgan. Ayni chog‘ hujjatning 35 bobidan 16 tasi kelishilmagan.

S.Rahimov, O‘zA