Trampning maxsus elchisi Rossiyaga yo‘l oldi

“Flightradar” xizmati ma’lumotiga ko‘ra, AQSH Prezidenti Donald Trampning Yaqin Sharq bo‘yicha maxsus elchisi Stiv Uitkoff o‘tirgan “Gulfstream G650ER” samolyoti maxsus elchining Rossiyaga tashrifi haqidagi xabarlar asnosida Qatardan shimolga qarab uchgan.
Parvoz yozishmasida uchish va qo‘nish manzili haqidagi ma’lumot mavjud emasligi ta’kidlangan esa-da, xizmat xaritasida uchoq osmonga ko‘tarilgach, Turkiya havo hududi orqali shimolga qarab ketayotgani ko‘rsatilgan.
Avvalroq Oq uy matbuot kotibi Kerolin Levitt Uitkoff Rossiya tomonini Ukraina bilan o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv imzolashga ko‘ndirish uchun Moskvaga tashrif buyurishini ma’lum qilgandi.
– Jamoamiz jiddiy ishlayapti, – degan u “Fox News” telekanalida chiqish qilib. – Janob Uitkoff shu hafta Moskvaga boradi. Umid qilamizki, ular bilan kelishib olamiz.
Avvalroq “Axios” portali AQSH vakili 13 mart kuni Moskvaga borishni rejalashtirgani haqida xabar bergandi.
Ma’lumki, seshanba kuni Ukraina va AQSH delegatsiyalari o‘rtasida muzokara bo‘lib o‘tdi. Shundan so‘ng Amerika ma’muriyati tomonlarni zudlik bilan o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirdi. Vladimir Zelenskiyning idorasi muloqot yakuni bo‘yicha Kiyev va Vashingtonning qo‘shma bayonotini e’lon qildi. Ya’ni, Ukraina AQSHning tomonlar kelishuvi bilan uzaytirilishi mumkin bo‘lgan 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish haqidagi taklifiga tayyorligi qayd etilgan.
Hujjatda Qo‘shma Shtatlar razvedka ma’lumoti almashishdagi tanaffusni zudlik bilan bekor qilishi va Ukrainaga harbiy yuk yetkazib berishni davom ettirishi ham belgilangan.
Tramp Kiyev o‘t ochishni to‘liq to‘xtatishga tayyorligi, Vashington endi Moskvaning munosabatini kutayotganini ta’kidladi.
Amerika yetakchisi mojaroni hal qilish rejasini ilgari surib, quyidagi mazmunda bayonot berdi: Tinchlik rejimi o‘rnatilgandan so‘ng to‘laqonli sulh tuzilishi va mojaro to‘xtatilishi lozim. Zelenskiy avvallari tinchlikni istamasdi, endi esa rozi. Qolaversa, hududiy masala ham muhokama qilingan.
S.Rahimov, O‘zA