Loyihalar joyiga chiqqan holda o‘rganildi
Bosh prokuror o‘rinbosari D.Kasimov rahbarligidagi ishchi guruh tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasida kimyo sanoati sohasida xorijiy investitsiya ishtirokida amalga oshirilayotgan yirik loyihalarning joriy holati joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
Xususan, Qo‘ng‘irot tumanidagi “Qo‘ng‘irot soda zavodi” mas’uliyati cheklangan jamiyat tomonidan amalga oshirilayotgan qiymati 238 million AQSH dollarlik “Soda ishlab chiqarish quvvatini kengaytirish va boshqa turdagi mahsulotlar ishlab chiqarishni tashkil etish” loyihasi bilan bevosita investorlar ishtirokida tanishildi.

Ta’kidlash lozim, investitsiyalarni o‘zlashtirish hisobiga korxonada kelgusida 250 nafardan ortiq mahalliy aholi doimiy ish bilan ta’minlanishi hamda yiliga 250 ming tonna soda va boshqa turdagi mahsulot ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan. O‘rganishda mas’ullarga loyiha doirasida amalga oshirilayotgan qurilish ishlarini jadallashtirish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Bundan tashqari, Kegeyli tumanidagi qiymati 6,3 million AQSH dollarlik “Kegeyli baraka naslli parranda” xususiy korxonasining “Parrandachilikni tashkil etish” va “Lanko miya” xususiy korxonasining “Qurilish mahsulotlarini ishlab chiqarish” loyihalari joyiga chiqqan holda o‘rganildi.
O‘rganish davomida ushbu korxonalar faoliyatida kommunikatsiya tarmog‘ini tortish, mahsulotlar uchun muvofiqlik sertifikatlari olish hamda boshqa masalalarga oid muammolar mavjudligi aniqlandi. Ushbu muammolarni tez fursatda qonuniy hal etilishi yuzasidan mutasaddi idora vakillariga topshiriq berilib, ijrosi nazoratga olindi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri