Samarali uchrashuv
Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida 15-mart Butunjahon iste’molchilar huquqlarini himoya qilish kuni munosabati bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda filial rahbariyati, Qoraqalpog‘iston raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi, Qoraqalpog‘iston iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi vakillari, professor hamda talaba yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirning asosiy maqsadi, iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish va moliyaviy savodxonlikni oshirishdan iborat. Shuning uchun ham ushbu tadbirning ahamiyati, ayniqsa, talabalar uchun katta. Chunki moliyaviy savodxonlikni yuqori darajada egallash ularning kelajakda iqtisodiy qarorlar qabul qilishda to‘g‘ri yondashuvni shakllantirishga yordam beradi. Mutaxassislar moliyaviy erkinlikka erishish uchun zarur bilimga ega bo‘lishning ahamiyatini ta’kidlashdi.

So‘zga chiqqanlar iste’molchilar huquqlarini himoya qilishning qonuniy asoslarini, shuningdek, moliyaviy xizmatlar va mahsulotlar bo‘yicha to‘g‘ri tanlov qilishning ahamiyatiga to‘xtaldi. O‘z navbatida talabalar ham moliyaviy savodxonlikni oshirishga qaratilgan dasturlarni yanada takomillashtirish, bu borada ko‘proq o‘zaro tajriba almashish zarurligini bildirdi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri