Yuksak e’tirof katta mas’uliyat yuklaydi

205

O‘zlarining iqtidori, muhim g‘oya va tashabbuslari, ibratli amaliy ishlari va erishgan yutuqlari bilan yoshlarga o‘rnak bo‘lib kelayotgan, Vatanimiz ravnaqi yo‘lida bor kuch-g‘ayrati, zamonaviy bilim va malakasi, ma’naviy-intellektual salohiyatini namoyon etayotgan qizlarimizdan bir guruhi yaqinda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi.

Ular orasida Toshkent axborot texnologiyalari universiteti Nukus filiali kompyuter injiniringi mutaxassisligi bo‘yicha 1-bosqich magistranti Biybinaz Turemuratova hamda Olimpiya va milliy sport turlari bo‘yicha Nukus oliy sport mahorati maktabining badiiy gimnastika bo‘yicha murabbiysi Shahzoda Ibragimova ham bor.

Biybinaz Turemuratova 2003 yil 28 avgust kuni Xo‘jayli tumanida tug‘ilgan. U o‘zining a’lo baholarga o‘qishi, tirishqoqligi, mehnatsevarligi va o‘ziga yuklatilgan vazifalarga mas’uliyat bilan yondashishi bilan tengdoshlaridan ajralib turadi. 2024 yil “Data soft academy” mas’uliyati cheklangan jamiyatga asos soldi va hozirgi kunda uning rahbari sifatida faoliyat yuritmoqda.

Bugungi kunda uning respublika va xalqaro ilmiy-amaliy jurnallarda 20 dan ortiq ilmiy maqolasi chop etilgan. 2021-2023 yillar davomida O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi intellektual mulk agentligi tomonidan dasturiy ta’minotlar ishlab chiqqanligi uchun 11 ta guvohnoma berilgan. 2021-2022 o‘quv yilida O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligi stipendiyasi, O‘zbekiston Respublikasi bakalavriat uchun ta’sis etilgan Islom Karimov nomidagi davlat stipendiyasi, 2023 yil O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi sohibasi bo‘ldi.

2023 yil O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan o‘tkazilgan “Bo‘lajak olim” tanlovi doirasida “Start 4 region” ilmiy g‘oyalar tanlovida g‘olib deb topilganligi uchun 39 million 400 ming so‘m miqdorida grant yutib oldi. Shuningdek, 2023 yili “Coursera” platformasining xalqaro Python 3, Programming  va Advanced App Development in Android IT sertifikatlariga ega bo‘ldi. Bir qator dasturlash kurslarini,  USAIDning “WSpark Woman in Tech” o‘quv dasturini muvaffaqiyatli tamomlab, O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan “Technoways” texnologik rivojlanish marafonida “Dasturiy ta’minot” yo‘nalishi g‘olibi bo‘ldi.

2024 yil O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va O‘zbekiston yoshlar ittifoqining “Innovatsion g‘oyalar yetakchisi”, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining “Umid uchquni” ko‘krak nishonlari, yoshlarga oid davlat siyosati doirasida o‘tkazilib kelinayotgan tadbirlarni amalga oshirishda faolligi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining tashakkurnomasi bilan taqdirlandi.

Xalqaro sport ustasi, Olimpiada o‘yinlari ishtirokchisi Shahzoda Ibragimova 2002 yil 24 noyabr kuni Nukus shahrida tug‘ilgan. Sport yo‘nalishida badiiy gimnastika turi bilan 2011 yildan buyon shug‘ullanib kelmoqda.  2019 yildan O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi hisoblanadi. 2019 yildan O‘zbekiston sport ustasi, 2021 yildan xalqaro sport ustasi.

2022 yil O‘zbekiston badiiy gimnastika federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan Jahon kubogida ikkinchi, Tailandning Pattaya shahrida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida yakka tartibda birinchi, ushbu Osiyo chempionatida jamoaviy tartibda birinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi sport vazirligi tomonidan kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida guruh chiqish dasturi bo‘yicha birinchi, Filippin gimnastika assotsiatsiyasi tomonidan Manila shahrida kattalar o‘rtasida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida birinchi, O‘zbekiston gimnastika federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan chempionatda birinchi, Misr gimnastika federatsiyasi tomonidan o‘tkazilgan Fir’avn kubogida birinchi o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Bundan tashqari, 2024 yil Germaniya davlatida o‘tkazilgan xalqaro turnirning final bosqichida uchinchi, Parij shahrida o‘tkazilgan XXXIII yozgi olimpiada o‘yinlari final bosqichida sakkizinchi o‘rinlarni egalladi.

Orolbo‘yining chekka hududlarida badiiy gimnastika sportini yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filiali tashabbusi bilan Nukus tumanidagi 19-sonli umumta’lim maktabida “Shahzoda Ibragimova sport mahorati to‘garagi” tashkil etildi.  Bugungi kunda yangidan tashkil etilgan to‘garakka badiiy gimnastika sportiga qiziquvchi 50 nafardan ziyod o‘quvchi a’zo bo‘lgan.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri