“Aqlvoy” avtobus: o‘quv darslari boshlandi

158

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi tomonidan tashkil etilgan avtobus Qoraqalpog‘iston Respublikasi Pedagogik mahorat markazi uchun ham ajratilib, ushbu mobil malaka oshirish xizmatlari Orolbo‘yining chekka hududlarida joylashgan maktabgacha ta’lim tashkilotlarining pedagog kadrlari uchun o‘z ishini boshlab yubordi.

Mobil malaka oshirish xizmatlari ko‘rsatiladigan avtobus bir vaqtning o‘zida 14 nafar pedagogga dars o‘tish uchun o‘quv joyi, 10 NR rusumli noutbuk, 1 dona 65 dyumli interaktiv monitor, yozuv doskasi, 1 ta internet tarqatuvchi qurilma WI FI router bilan qayta jihozlangan. Ushbu avtobusdan olis va chekka hududlarda yashovchi davlat va xususiy maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagog kadrlari uchun mobil malaka oshirish xizmatlarini ko‘rsatish, ya’ni uzluksiz kasbiy rivojlantirishni (“metodik mahorat kuni” va “metodik mahorat darsi”) tegishli hududlarga borgan holda o‘tkazish, trening, seminar va boshqa tadbirlarni tashkil etish maqsadida foydalaniladi.

Jumladan, maxsus avtobus Nukus shahriga uzoq “Qaratao‘” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 44-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotiga borib, bu yerdagi pedagoglarga o‘zlari yashaydigan va ishlaydigan joylaridan uzoqlashmagan holda uzluksiz kasbiy rivojlanishi, bilimlarini yangilashi uchun imkoniyat yaratildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 30 sentyabrdagi “Maktabgacha ta’lim sifati va samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni hamda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirining joriy yil 19 fevraldagi maxsus buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida o‘quv dasturi ishlab chiqilgan. Unda turli mavzular o‘rin olgan bo‘lib, masalan, “Go‘zal bahor”, bolalarning erta yoshdan rasm chizishi, unda qo‘llaniladigan usul va texnologiyalar haqida tushuncha berish, “Mavsumiy o‘zgarishlar” mavzusida sohalar asosida maqsadlarni belgilash, ularni amalga oshirish usullari, texnologiyalari, ta’lim faoliyatida foydalaniladigan ko‘rgazmali va tarqatma vositalar, “Xalq manbalari” mavzusida bolalarni milliy qadriyatlar, an’analar asosida rivojlantirishning samarali usullarini o‘rgatish va boshqa shu kabi dolzarb vazifalar belgilangan.

– Mobil malaka oshirish kursida shu mavzu va yo‘nalishlarda tegishli darslar o‘tiladi, – deydi Maktabgacha boshlang‘ich va maxsus ta’lim metodikalari kafedrasi mudiri Bayrambay Utemuratov. – Bu esa olis aholi punktlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotida ishlayotgan xotin-qizlarning Nukus shahriga ovora bo‘lmasdan, o‘zlari istiqomat qiladigan hududda malakalarini oshirish imkonini beradi.

Ta’kidlash joizki, joriy yilning mart-iyun oylari mobaynida Bo‘zatov tumanining “Aspantay”, Qo‘ng‘irot tumanining “Qoraqalpog‘iston”, “Qirqqiz”, “Jasliq”, Mo‘ynoq tumanining “Qozoqdaryo”, “Hokim ota”, Taxtako‘pir tumanining “Qostruba”, To‘rtko‘l tumanining “Oqqamish”, Ellikqal’a tumanining “Shuqurqoq” kabi eng chekka hududlarida ham mobil malaka oshirish xizmatlarini tashkil etish rejalashtirilgan.

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri