“Yashil makon” umummilliy loyihasiga start berildi

154

Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi keng ko‘lamli tadbirlarga start berildi.

Ushbu tashabbus asosida oliy o‘quv yurti jamoasi va talaba-yoshlar atrof-muhitni yanada obodonlashtirish, ekologik muhitni yaxshilash maqsadida birlashdi. Tadbir universitet rektori, akademik A.Reymov rahbarligida tashkil etilib, barcha ishtirokchilar o‘z fidoyiligi va ezgu niyatlari bilan ko‘chat ekish jarayonida faol ishtirok etdi.

“Yashil makon” loyihasi butun mamlakat bo‘ylab amalga oshirilayotgan muhim tashabbuslardan biri bo‘lib, uning asosiy maqsadi atrof-muhitni muhofaza qilish, yashil maydonlarni kengaytirish va ekologik madaniyatni yuksaltirishdan iborat. Shu munosabat bilan Qoraqalpoq davlat universiteti ham ushbu ezgu harakatga o‘z hissasini qo‘shish maqsadida yoshlarni tabiatga mehr-muhabbat ruhida tarbiyalashga alohida e’tibor qaratmoqda. Tadbir davomida universitet jamoasi tomonidan turli manzarali va mevali ko‘chatlar ekildi. Ishtirokchilar bu jarayonda o‘z bilim va tajribalari bilan o‘rtoqlashib, ekologik muhitni yaxshilash bo‘yicha fikr almashdi. So‘zga chiqqanlar tabiatga g‘amxo‘rlik qilish va atrof-muhitni muhofaza qilish masalasining dolzarbligini ta’kidlab, professor-o‘qituvchilar, talaba-yoshlarni bunday tashabbuslarda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Oliy o‘quv yurti tomonidan tashkil etilgan ushbu tadbir loyiha doirasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlarning navbatdagi bosqichi bo‘lib, kelgusida ham shunday ezgu ishlarni davom ettirish rejalashtirilgan. Jamoa va talabalarning sa’y-harakatlari bilan ekilgan har bir nihol kelajak avlodlar uchun toza havo, soya-salqin beradigan  maskan va tabiatga yaqin muhit yaratishda muhim o‘rin tutadi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri