“Obod va xavfsiz mahalla”: aholi tinchligi yurt tinchligi demakdir
Nukus “Temurbeklar maktabi” harbiy-akademik litseyida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar organlarida 2024 yil davomida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar yuzasidan ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirokida matbuot anjumani o‘tkazildi.
Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri, polkovnik Baxtiyar Torebekov o‘tgan yil davomida amalga oshirilgan ishlar haqida ma’lumot berdi.
Ta’kidlanganidek, jinoyatchilikning oldini olish maqsadida yangi tizim “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida maxsus profilaktik tadbirlar o‘tkazilib, Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan 22 mingdan ortiq ob’ekt va 391 ming 565 ta xonadon o‘rganib chiqildi. Profilaktika inspektorlari tomonidan 23 mingdan ortiq huquqbuzarlik sodir etishga moyil va undan jabrlanish ehtimoli yuqori bo‘lgan shaxslar aniqlandi. Ular bo‘yicha xulosalar tegishliligi bo‘yicha mahalla yettiligi vakillariga taqdim yetildi.
Jumladan, 14 ming 817 nafar shaxsning muammolari ijobiy hal etildi. Jinoyat uchun jazoning og‘irligini ta’minlash maqsadida qidiruvda bo‘lgan 313 nafar shaxs ushlanib, tergov organlariga topshirildi. Shuningdek, bedarak yo‘qolgan 25 nafar shaxsning oxirgi manzili aniqlanib, uylariga qaytarildi. Olib borilgan tushuntirish ishlari natijasida fuqarolar tomonidan 329 dona ov quroli o‘z arizasiga asosan Ichki ishlar bo‘limlariga topshirildi.
Amalga oshirilgan profilaktik tadbirlar natijasida jami 174 ta fuqarolar yig‘inida birorta ham jinoyat sodir etilmadi, 216 ta fuqarolar yig‘inida jinoyatlar kamayishiga erishildi. Huquqbuzarlik sodir etgan 105 ming nafardan ortiq shaxsga nisbatan ma’muriy chora ko‘rildi.
Alohida toifadagi shaxslar bilan yakka tartibdagi profilaktik ishlar olib borildi. Xususan, cog‘liqni saqlash muassasalarida hisobda turgan, ichkilikka berilgan 260 nafar, giyohvandlikka berilgan 48 nafar shaxs va jamiyat uchun xavfli bo‘lgan 44 nafar ruhiy bemor majburiy davolanishga yotqizildi. Shu bilan birga, ichkilikka berilgan 1 ming 191 shaxs ixtiyoriy ravishda davolanishga yotqizilib, tuzalish yo‘liga o‘tishiga yaqindan yordam ko‘rsatildi. Tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 3 ming 253 nafar xotin-qizga himoya orderi berildi.
Bundan tashqari, millionlab insonlar butun dunyoda global muammoga aylanib borayotgan kiberjinoyatchi firibgarlarga aldanib, katta miqdorda moliyaviy zarar ko‘rgan. Ayniqsa, ushbu soha rivojlanib borgani sari undan foydalanuvchilar ham ko‘payib bormoqda. O‘tgan yili sodir etilgan jinoyatlarda jabrlangan shaxslarning 80 foizdan ortig‘ini yoshlar tashkil etadi. Ushbu jinoyatlar oqibatida jabrlangan fuqarolarga 12 milliard so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Matbuot anjumanida jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga Ichki ishlar vaziri va vazirlikning tegishli xizmat sohasi rahbarlaridan javob oldi.
Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA