Izlaganga imkon ko‘p (+video)

226

Qoraqalpoq ayol-qizlari azaldan hunarli, talabchan, mehnatkash bo‘lgan. Gubi pishib, yog‘ chiqarib, keli tuyib undan iyjon, taqan yasab qo‘y-echkining yungidan urchuq yigirib, ip chiqarib, kiyim-kechaklar to‘qigan. Bugun momomeros hunarni zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirib kelajak avlodga yetkazishga harakat qilayotgan zamondoshlarimizning mehnatlariga tasannolar aytasang arziydi.

Shumanay tumanidagi “Oybo‘yir” ovul fuqarolar yig‘inida yashovchi Gulmira Jadigerova mamlakatimizda xotin-qizlar uchun yaratilgan imkoniyatlardan unumli foydalanib, qisqa vaqt ichida “Ayollar daftari”dan chiqishga erishgan chevar qizlardan.

Izlaganga imkon ko‘p, deganlaridek qo‘lidagi hunari, qo‘llab-quvvatlashlar tufayli Gulmira opa o‘z ishini kengaytirishni maqsad qildi. 2024 yil Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi tomonidan e’lon qilingan grant tanlovida “Chevar qizning hunari” nomli loyihasi bilan qatnashib, 100 million so‘m yutib oldi. Berilgan mablag‘ga yangi uskunalar olib, 20 nafar qizga tikuvchilik sirlarini o‘rgatdi. 5 nafar ishsiz qizning bandligini ta’minlashga erishdi.

Uy oldiga tikilgan qora uy. Uning ichida ota-bobolarimizdan meros bo‘lib kelayotgan buyumlar, milliy kiyimlar, ko‘rgan ko‘zni quvontiradi. Bu ajoyib qo‘l mehnatlarini kelajak avlodga yetkazish maqsadida hunarmand kooperatsiya ochishni ham maqsad qilgan. Demak, yaratilgan imkoniyatlar farovon hayotga, yaxshi yashashga, yangi hayotga qadam bo‘lib xizmat qilmoqda.

Maqsad HABIBULLAEV (surat va video), O‘zA