“Rahbar ayollar maktabi”: keng imkoniyatlar yaratilmoqda
Bugungi kunda mamlakatimizda xotin-qizlarning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish, kasbiy salohiyatini yuksaltirish, gender tengligini ta’minlash, ularga munosib turmush va mehnat sharoitlarini yaratish, har bir jabhada amalga oshirilayotgan islohotlardagi ishtirokini yanada mustahkamlash borasida tizimli ishlar qilinmoqda.
Bu borada Prezidentimizning 2022 yil 7 martda qabul qilingan “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni muhim dasturilamal bo‘lmoqda. Jumladan, farmon bilan tasdiqlangan kompleks chora-tadbirlar dasturida yuqori kasbiy salohiyatga ega, tashabbuskor islohotlarda faol ishtirok etuvchi, yosh xotin-qizlarni rahbarlik lavozimiga maqsadli tayyorlash ko‘zda tutilgan.

O‘tgan 2024 yilning avgust-noyabr oylari davomida “Rahbar ayollar maktabi” dasturining 4-mavsumi uchun nomzodlarni saralash bosqichi o‘tkazildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi davlat xizmatini rivojlantirish agentligi, O‘zbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi, vazirlik va idoralar, hududiy hokimliklar tashabbusi bilan o‘tkazilgan mazkur tanlovda jami 550 nafar nomzod orasidan 100 nafari tanlab olindi.
– Ishtirokchilar orasida men ham loyiq deb ko‘rilganim, albatta, qalbimni faxrga to‘ldirdi, – deydi Xo‘jayli tumani 14-conli maktab direktori, “Vatan fidoiysi”, “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishonlari sohibasi, xalq deputatlari Xo‘jayli tumani Kengashi deputati Nargiza Primbetova. Dastur rejasida biz tinglovchilar auditoriya mashg‘ulotlari, mahorat darslari, mahalliy hokimliklarda amaliyot o‘tash, loyiha ishlarini tayyorlash, uni himoya qilish kabi muhim vazifalarni bajardik. Ushbu o‘quv mashg‘ulotlari respublika, vazirlik va idoralar rahbarlari tomonidan olib borildi.
Tarixni anglash o‘zlikni anglash demakdir. Shu o‘rinda o‘tmishga nazar solsak. Sharq xalqlarida azal-azaldan ayolga e’zoz-ehtirom ko‘rsatilgan. Ularning matonati, sadoqati, tadbirligi, oila va davlat ishlaridagi zukkoligi, donoligi e’tirof etilgan. To‘maris, Bibixonim, Nodirabegim, Qumar onalarning donoligi, zukkoligi, shijoati bugungi avlodlar uchun beixtiyor buyuk tarbiya maktabi bo‘lmoqda. Bu ulug‘ zotlarning hayot yo‘li har birimizning qalbimizda faxr-iftixor uyg‘otib, Vatanga muhabbat, sadoqat, buyuk o‘tmishimizga, milliy qadriyatlarimizga nisbatan hurmat hissini oshirmoqda.
Xalq deputatlari Xo‘jayli tumani Kengashi deputati sifatida aholi bilan ishlash, ularning hayotiy, zarur ehtiyojlari, yechimini kutayotgan muammo va masalalarni ijobiy hal etishda mazkur o‘quv mashg‘ulotlarida olgan bilimlarim, tajribalarim as qotadi.
Xulosa o‘rnida aytmoqchimanki, bugun shiddat bilan o‘zgarayotgan, rivojlanayotgan davr har birimizdan yangicha fikrlash, zamon bilan hamnafas bo‘lishni talab etmoqda. Shunday ekan, mazkur o‘quv dasturi ham jamiyatimizda xotin-qizlar imkoniyatlarini yuzaga chiqarishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri