Qoraqalpog‘iston Respublikasi xabarlari – qisqa satrlarda

119

Nukus davlat pedagogika institutida 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan “Bahor malikasi” tanlovi bo‘lib o‘tdi.

Fizika-matematika fakulteti talaba-qizlari ishtirok etgan tanlovda ona haqida monolog o‘qish, sahna ko‘rinishi, bahor fasliga mos salatlar tayyorlash kabi shartlar bo‘yicha o‘zaro musobaqalashib, qobiliyat va mahoratlarini namoyish etdi.

Tanlov yakunida ishtirokchilarga diplom va sovg‘alar topshirildi.

***

Nukus shahridagi 1-sonli sport maktabida bayram munosabati bilan Ijtimoiy himoya milliy agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasiga qarashli muassasa va tashkilotlarda ishlovchi xotin-qizlar o‘rtasida voleybol bo‘yicha sport musobaqa bo‘lib o‘tdi.

“Boshqarma boshlig‘i kubogi” uchun o‘tkazilgan musobaqada 250 nafardan ziyod xodima g‘oliblik uchun bahslashdi. Musobaqa yakunida g‘olib jamoalar tashkilotchilar tomonidan diplom, medal va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

***

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanib kelgan shaxs aniqlandi.

Fuqaro F.A. xonadonida o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulanib, 106,4 million so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanib kelganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur holat yuzasidan hozirda tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Dovud abibullayev, O‘zA muxbiri