“Zakovat” do‘stlikka chorlovchi bahs bo‘ldi

122

8 mart – Xalqaro xotin-qizlar bayrami munosabati bilan Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi bilan hamkorlikda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimalari uchun “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.

Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Mudofaa, Bojxona, Favqulodda vaziyatlar boshqarmalari, Milliy gvardiya, 9202 harbiy qism ayol xodimalaridan tarkib topgan 6 ta jamoa ishtirok etdi.

Zukkolik, tezkorlik, yuqori bilim va salohiyat talab etuvchi mazkur intellektual o‘yin qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi. Aql charxlash sinovlari jamoalarni birdamlik va ahillikka chorlab qolmasdan, huquqni muhofaza qiluvchi davlat idoralari xodimalarining do‘stlashishiga zamin yaratdi.

O‘yin yakuniga ko‘ra Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi jamoasi birinchi, Milliy gvardiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi jamoasi ikkinchi, bojxonachi ayollar faxrli uchinchi o‘rinni egallab, tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri