“Umrning gultoji, muqaddas ayol!” (+video)

129

Foto ko‘rgazma

O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi Ko‘rgazmalar saroyida 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan O‘zbekiston milliy axborot agentligi fotomuxbiri, Badiiy akademiya ijodkorlar uyushmasining a’zosi Maxsetbay Xabibullayevning “Umrning gultoji, muqaddas ayol!” nomli shaxsiy ko‘rgazmasi ochildi.

Tadbirning ochilish marosimida O‘zbekiston Badiiy akademiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi raisi U.Utegenova, Qoraqalpog‘iston xalq rassomi S.Baybosinov va boshqalar so‘zga chiqib, taniqli fotomuxbirning ijodiy faoliyatiga, ko‘rgazmada namoyish etilayotgan foto suratlarning ahamiyatiga to‘xtaldi.

Ko‘rgazmada ijodkorning 80 dan ortiq  foto surati joy olgan.  Ushbu suratlarda asosan Orolbo‘yida turli kasbda faoliyat yuritayotgan ayollar nafosati aks etgan. Ta’lim, tibbiyot, qishloq xo‘jaligi,  milliy qo‘l hunarmandchiligi, madaniyat, sport va boshqa sohalarda  faoliyat yuritayotgan ayollar siymosi jurnalistika sohasining foto ocherk, foto xabar, foto korrespondensiya, foto reportaj janrlari orqali ochib berilgan. Ko‘rgazmaga qo‘yilgan asar qahramonlari Orolbo‘yini kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi islohotlarni izchil amalga oshirishga o‘zlarining bilimi, iqtidori va kuch-g‘ayratini qo‘shayotgan  fidoyilar hisoblanadi.

– Ko‘rgazmada namoyish etilgan har bir rasmda turli sohalarda erkaklar bilan bir safda fidokorona mehnat qilib kelayotgan ayollarimizning siymosi aks etgan, – deydi “Yangi O‘zbekiston” gazetasining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha muxbiri Minajatdin Qutlimuratov. – Albatta, bunda foto jurnalist M.Xabibullayevning kasb mahorati ko‘zga tashlanadi. Shuning uchun ham ko‘rgazma tomoshabinlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA