Orolbo‘yida sumalak sayillari boshlandi
Davlatimiz rahbarining joriy yil 21 fevraldagi “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” qarori ijrosi yuzasidan Orolbo‘yining barcha shahar va tumanlarida, chekka qishloqlarida keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 21 fevraldagi “2025 yilgi Navro‘z umumxalq bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish to‘g‘risida” qarori ijrosi yuzasidan Orolbo‘yining barcha shahar va tumanlarida, chekka qishloqlarida keng ko‘lamli tayyorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Navro‘z sabab elimizga unutilayotgan an’analarimiz, o‘lan, yor-yorlarimiz qaytdi. Eng asosiysi, bu yilgi Navro‘z yurtboshimiz tashabbusi bilan “Qadriyatlaring mangu bo‘lsin, Navro‘zim!” degan shior bilan boshlanishi har bir qalbda iliqlik hissini uyg‘otmoqda. Xullas, obod manzillarda bayram shukuhi kezmoqda. Yo‘llar, muqaddas qadamjolar, ziyoratgohlar, barchasi bayramona tusga kirmoqda. Obodlik va bayram ko‘ngillardan boshlanadi. Bayram arafasida muhtojlarni yo‘qlash, yaqinlardan xabar olish ham bir qadriyatdir.

Darhaqiqat, bu munavvar ayyom keyingi yillarda Vatanimizda amalga oshirilayotgan “Inson qadri uchun, inson baxti uchun”, degan g‘oyaga hamohang bo‘lib, tom ma’noda umumxalq bayramiga aylandi. Ayniqsa, “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da nishonlanadigan bu yilgi Navro‘z shodiyonalari muborak Ramazon oyiga to‘g‘ri kelishida ham o‘ziga xos chuqur va ramziy ma’no bor.
Har yildagidek bayram arafasida shahar va tumanlarda obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish aksiyalari, “Yashil makon” umummilliy loyihasida belgilangan tadbirlar amalga oshiriladi. Бу yilgi Navro‘z bayrami muqaddas Ramazon oyida nishonlanishini inobatga olib, “Ramazon – saxovat, birdamlik va bag‘rikenglik oyi” g‘oyasi asosida keksa avlod vakillarini, xususan, urush qatnashchilari va mehnat fronti faxriylaridan, ijtimoiy himoya daftarlariga kiritilgan va ko‘makka muhtoj insonlarning holidan xabar olinib, turli xayriya tadbirlari o‘tkazilmoqda. Barcha ovul va mahalla fuqarolar yig‘inlari, korxona, tashkilot va muassasalarda doshqozonlarda sumalak va milliy taomlar tayyorlanib, milliy sport turlari bo‘yicha musobaqalar, hunarmandlar va yosh rassomlar, milliy taomlar ko‘rgazmalari namoyish etiladi. Ot choptirish, qo‘chqor, xo‘roz urushtirish, kurash, varrak uchirish, tosh ko‘tarish kabi milliy o‘yinlar Navro‘z sayliga o‘zgacha uyg‘unlik baxsh etadi.

– Navro‘z – yangilanish, yangi kun degani. Navro‘z bahor faslining kirishi bilan uyg‘unlashib, tabiatga yanada chiroy, ko‘rk bag‘ishlaydi, – deydi To‘rtko‘l tumanidagi “Yashnobod” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati, “Shuhrat” medali sohibasi O‘ringul Allabergenova. – Ajdodlarimiz Navro‘zni “ko‘kka yetgan kun” sifatida qadrlashadi, shukr qilishadi. Navro‘z dov-daraxtlarning uyg‘onishi, soylarning to‘lib oqishi, dehqonlarimizning yerga rizq urug‘ini qadashi bilan ham yanada joziba baxsh etadi. Yerdan unib chiqqan ko‘k maysalarni yuzlariga, peshonalariga surtib, momolarimiz “omonlik, omonlik, hech ko‘rmaylik yomonlik” deya tilak bildirishadi. Xasta bemorlarga shifo, olisdagi yaqinlarga safari bexatarlik tilashadi. Yaxshi niyatlar bilan doshqozonlarda sumalaklar qaynatilib hamjihatlik ramzi sifatida bir-birovga tortiq qilishadi.
Darhaqiqat, katta oila bo‘lmish mamlakatimizda yashovchi 130 dan ziyod millat vakili Navro‘zni birday shodiyona qilishadi. Bir qozondan taom yeb, to‘ylari, o‘ylari, orzu, maqsadlari mushtarak bo‘lib ketgan xalqimiz bu bayramni har yili intiqlik bilan kutadi.
Mahalla fuqarolar yig‘inimizda 6 ming 186 nafar 7 millatga mansub aholi inoq yashaydi. 1 ming 237 xonadon, 1 ming 774 oila mavjud. Hududda 2 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi, 2 ta bolalar bog‘chasi, 1 oilaviy shifokorlik punkti faoliyat ko‘rsatadi. Mahallamizdagi mavjud 43 ko‘chada ozodalik, obodonlashtirish ishlari olib borilmoqda. Navro‘z bahona 2 nafar yolg‘iz yashovchi, 6 nafar nogironligi mavjud, 2 ta boquvchisini yo‘qotgan oilaga homiylik yordami ko‘rsatiladi. Hududdagi “Mo‘ntiq bobo” va “Jabbor ota” qabristonlarida obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardan xabar olib, ularning tomorqasiga mevali, manzarali nihollar ekib berish, mehr-muruvvatga muhtoj fuqarolar holidan xabar olish rejalashtirmoqda.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri