Fransiyaning “yadro soyaboni” Yevropani himoya qila oladimi?

216

O‘tgan asr 60-yillarida “Fransiyaning strategik mustaqillik siyosati”ni boshlab bergan o‘sha paytdagi Prezident Sharl de Goll oxir-oqibat haq bo‘lib chiqmoqda:

– Albatta, amerikaliklar ruslardan ko‘ra bizga yaqinroq, ammo AQSHning ham o‘z manfaati bor va bir kun kelib ikki tomon xohishi bir-biriga to‘qnash keladi. VVS yozishicha, de Goll o‘ylab topgan “suveren yadroviy to‘xtatuvchi” tushunchasi hozir Yevropa xavfsizligi bo‘yicha munozara markazida bo‘lib turibdi.

Fransiya va Buyuk Britaniya Yevropa qit’asida yadro quroliga ega ikki davlat. Hozir fransuzlardagi mavjud 300 yadro kallagi samolyot yoki suv osti kemasidan otilishi mumkin.

Inglizlar esa 250 ga yaqin “xavfli qurol”ga egalik qilmoqda. Asosiy farq shundaki, farang zaxirasi suveren, ya’ni to‘liq Fransiya tomonidan ishlab chiqilgan, Britaniya esa AQSH texnik yordamiga tayanadi.

Yaqinda Prezident Emmanuel Makron o‘z mamlakati yadroviy qudrati Yevropadagi boshqa davlatlar mudofaasi uchun qalqon bo‘lishi mumkinligi haqidagi g‘oyani ilgari surdi.

Aslida Fransiya yetakchilarining hammasi qit’adagi ayrim mamlakatlar allaqachon soyabon ostidaligiga ishora qilgan. Masalan, 1964 yil de Goll sobiq iitifoq Germaniyaga hujum qilsa, Fransiya albatta javob yo‘llashini aytgan.
O‘tgan oy GFRning navbatdagi Kansleri lavozimiga nomzod Fridrix Mers ayni mavzu bo‘yicha Parij va London bilan muhokama qilish vaqti kelganini aytib, hamkorlarni hayratda qoldirdi.

Taxminga ko‘ra, Fransiya yadro quroli ortilgan samolyotlarini Germaniya yoki Polshaga joylashtirishi mumkin. So‘nggi qarorni baribir Prezident chiqaradi.

Musulmon Ziyo, O‘zA